Jahon | 13:14 / 18.06.2022
17988
3 daqiqa o‘qiladi

Kudrin: Rossiya xalqaro tashkilotlardan chiqmasligi kerak 

Hisob palatasi rahbarining fikricha, xalqaro formatlar savdo, o‘zaro aloqalar uchun muhim, Rossiya bu tashkilotlarni tark etmasligi kerak. Rossiyaning yangi iqtisodiyoti uchun o‘rta muddatli strategiyani yaratishga yana ikki-uch oy kerak, deya qo‘shimcha qildi Kudrin.

Foto: Global Look Press

Rossiya xalqaro tashkilotlarga a’zolikni to‘xtatib qo‘ygani yoki o‘ziga nisbatan ma’lum bir munosabat tufayli noroziligi sababli ularni tark etmasligi kerak. Bunday fikrni Rossiya Hisob palatasi raisi Aleksey Kudrin bildirdi. U 17 iyun, juma kuni 25-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida nutq so‘zladi.

Kudrinning so‘zlariga ko‘ra, Moskva bunday tashkilotlar, shuningdek, konvensiyalar «ham o‘zaro savdoni, ham fuqarolar almashinuvini, transportni va boshqa masalalarni» tartibga solishini hisobga olishi kerak. Bu formatlar Rossiya uchun jahon bozori sharoitida ishlay olishi uchun zarur, deya qo‘shimcha qildi ekspert.

«Shunday qilib, bir kun kelib biz mashinamizda chegaraga borganimizda, u yerda avtomobil boshqa mamlakatlarning ekologik talablariga javob bermasligi borasida e’tirozlar kelib chiqmasa bo‘ldi... Bizni tashqariga chiqarishmaydi, hech bo‘lmaganda shu yerda o‘zgartirishimiz kerak», – dedi u majoziy ohangda.

11 iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining 2022 yil 15 martdan keyin chiqarilgan hukmlarini ijro etmaslik to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Hisob palatasi rahbari, shuningdek, Rossiya hukumatiga kelgusi uch yil uchun yangi iqtisodiyotning o‘rta muddatli strategiyasini shakllantirishga yana ikki-uch oy kerak bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Aleksey Kudrin inqirozga qarshi tezkor chora-tadbirlarni «juda adekvat» deb baholadi - «bizda xohlagancha resurslar mavjud emas, biznesning esa so‘rovlari ko‘p»ligini hisobga olgan holda. 

«Biz hali ham texnologiyalar ishlab chiqaryapmiz, lekin butun dunyo liniyasini ishlab chiqara olmaymiz», dedi Kudrin va 2022 yilda Rossiya importi «30 foizga» qisqarishini, ammo «nolga teng bo‘lmasligi»ni qo‘shimcha qildi. 

Shu bilan birga, ekspert Rossiya bozorini tark etgan xorijiy kompaniyalarni davlat korporatsiyalari emas, balki xususiy tadbirkorlar sotib olishi zarurligiga ishonchi komil. Misol tariqasida, mutaxassis «Makdonalds» restoranlarini sotib olish bo‘yicha kelishuvni keltirdi, deb ta’kidlaydi RBK agentligi. Kuzbasslik tadbirkor Aleksandr Govor ularning yangi egasiga aylandi. U avvalroq Amerikaning McDonald’s Corporation kompaniyasi unga Rossiyadagi biznesini «ramziy pulga»ga sotganini aytgan edi. 

12 iyun, yakshanba kuni Moskva va Moskva oblastida «Vkusno – i tochka» yangi brendi ostida 15 ta restoran ochildi. 13 iyunda yana 50 ta, iyun oxiriga borib esa 200 ga yaqin filiallar ochilishi kerak, dedi tarmoq bosh direktori Oleg Paroyev. Uning ta’kidlashicha, yaqin 5-6 yil ichida tarmoq 850 ta filialdan mingtagacha kengayishi mumkin. 

Mavzuga oid