Jahon | 16:15 / 26.06.2022
45918
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Kiyevdagi ko‘p qavatli uyga zarba berdi. Asosiy ma’lumotlar

Yakshanba tongida rossiyalik harbiylar Kiyev bo‘ylab davomli raketa zarbalari yo‘lladi. Mahalliy rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, raketalar turar joy binolari joylashgan hududga, shuningdek bolalar bog‘chasiga kelib tushgan. Ukraina hukumati zarbalar takrorlanishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Foto: Reuters

Mahalliy vaqt bilan tushga yaqin Kiyevda yangi portlashlar ro‘y bergani to‘g‘risida xabarlar kela boshladi - bu Belarus hududidan aviazarbalar yo‘llangani haqidagi xabarlar ortidan ro‘y berdi.

Ertalabki zarbalar oqibatida poytaxtning Shevchenkovskiy rayonidagi ko‘p qavatli bino shikastlangan. Shahar rasmiylariga ko‘ra, kamida bir kishi halok bo‘lgan, yaralanganlar bor.

«Do‘stlar! Shevchenkovskiy rayonida bir necha portlashlar sodir bo‘ldi. Tez yordam brigadalari va qutqaruvchilar voqea joyida», deya yozgan Telegram kanalida Kiyev meri Vitaliy Klichko.

U jurnalistlar qarshisida yaradorlar ko‘pligi, xarobalar ostida qolib ketganlarni olib chiqish uchun bor imkoniyatlar ishga solinishini aytgan.

Qutqaruvchilar xarobalar ostidan 7 yoshli qizchani qutqarishgan, u shifoxonaga yetkazilib, operatsiya qilingan. Shuningdek, keyinroq uning 36 yoshli onasi plita ostidan chiqarib olingan, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, u - Rossiya fuqarosi.

Bir kishi halok bo‘lgan - taxminlarga ko‘ra, u qizaloqning otasi.

Yana besh kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Kiyev meri Vitaliy Klichko poytaxtning o‘qqa tutilishini Rossiyaning yakshanba kuni Germaniyada o‘tkazilayotgan «Katta yettilik» sammiti arafasida Ukraina hukumatini qo‘rqitishga urinishi deb atagan.

Yevrokomissiyaning xalqaro masalalar bo‘yicha hamraisi Karl Bildt unga qo‘shilgan: «Erta tongda Kiyevdagi ko‘p qavatli uyga qilingan hujum - Elmauda «Katta yettilik» sammiti arafasida qasddan eskalatsiya va signaldan boshqa narsa emas. Buni boshqacha tushunish qiyin», deya yozgan u tvitterida.

Ukraina prezidenti ofisi xabariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar yakshanba kuniga o‘tar kechasi va tongda infratuzilma obektlari, shuningdek Chernihiv, Xarkiv, Lugansk va Donetsk oblastlaridagi aholi yashash rayonlarini o‘qqa tutishda davom etgan.

Avvalroq shanba kuni Rossiya Roven oblasti Sarni shahridagi fuqarolik infratuzilmalariga raketa zarbalari yo‘llagani, buning oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi.

Shanba kuni tongida ham Ukraina Rossiya tomonidan yoppasiga o‘qqa tutilgandi. Razvedka ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainaga, jumladan mamlakat shimoli va g‘arbiga ham jami 48 ta qanotli raketalar uchirilgan. Ularning bir qismi Belarus osmonida harakatlangan bombardimonchi samolyotlardan yo‘naltirilgan.

Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich Kiyev aholisini ehtiyotkorlikka rioya etishga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt, shuningdek boshqa ukrain shaharlari o‘qqa tutilishi davom ettirilishi mumkin.

Yakshanba kungi Kiyevdagi portlashlar

Tongda Shevchenkovskiy rayonidagi ko‘p qavatli turar joy binosiga raketa kelib tushib, yong‘in boshlangan. Ukraina favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati xabariga ko‘ra, uning yuqori uch qavati vayron bo‘lgan, bu qavatlar aholisi vayronalar ostida qolgan.

Bayonotda aytilishicha, rossiyaliklar zarbasi oqibatida 9-qavatda yong‘in chiqqan, 7, 8 va 9-qavatlar qisman vayron bo‘lgan. Qutqaruvchilar voqea joyida olingan suratlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishgan.

Guvohlarning aytishicha, kamida to‘rt bor portlash ovozi eshitilgan. Voqea joyida bo‘lgan BBC korrespondenti uch-to‘rt uy shikastlanganini tasdiqlagan. Voqea joyiga kamida 10 ta tez yordam mashinasi yetib kelgan.

Mahalliy aholi vakillaridan biri bu vaqtda ko‘pchilik yerto‘laga tushib o‘tirgani va shu tufayli «tirik qolishgani»ni aytgan.

Xabarlarga ko‘ra, bugungi hodisa joyiga aprel oyida ham raketalar kelib tushgandi.

Ukraina ichki ishlar vaziri maslahatchisi Anton Gerashchenkoning xabar qilishicha, yana bir raketa Kiyevning Polovetskiy ko‘chasidagi bolalar bog‘chasiga kelib tushgan.

Avvalroq Kiyev oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Aleksey Kuleba Kiyev oblasti ustida yakshanba kuni raketa urib tushirilganini xabar qilgandi.

Ukrain harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, yakshanba kuni Kiyev tomon zarbalar Kaspiy dengizi hududidan turib amalga oshirilgan.

Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari rasmiysi telemarafon vaqtida aytishicha, zarbalar «RFning yuqori aniqlikda harakatlanuvchi va qimmatbaho raketalari» bilan berilgan.

«Ular Astraxan hududidan uchirilgan, bu ulardagi asosiy raketalar. Bu XA-101. U 5500 kilometr masofagacha uchishi mumkin», degan u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun Kiyevga oltita raketa uchirilgan, shundan ikkitasi havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirilgan.

Mavzuga oid