DW xabariga koʻra, Kiyev meri Vitaliy Klichko hujum oqibatlari haqida Telegram kanalida maʼlum qilgan. Dastlabki maʼlumotlarda shaharga jami 10 ta raketa, jumladan, «Iskander-M», «Sirkon» va S-400 uchirilgani aytilgan.
Dniprovskiy tumanida ikkita xususiy uy va avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish stansiyasi binosiga zarba tekkan. Shuningdek, yonilgʻi quyish shoxobchasi yaqiniga parchalar tushgan.
Darnitskiy tumanida transport infratuzilmasi obyekti shikastlangan. Klichko obyekt haqida qoʻshimcha tafsilot bermagan. Pecherskiy tumanida esa tibbiyot muassasasiga zarar yetgan.
Hujumdan soʻng Kiyev shahar harbiy maʼmuriyati dronlar xavfi ham saqlanayotganini bildirib, aholini boshpanalarda qolishga chaqirgan.
Kiyev soʻnggi kunlarda ham raketa va dron hujumlariga uchragan. 20-oktabrdagi dron hujumlarida bir kishi halok boʻlgan, yana bir necha kishi jarohatlangan. Nikolay Strajesko nomidagi Kardiologiya institutining operatsiya xonasi ham shikastlanib, bir bemor yaralangan.
Oʻsha kuni energetika obyektiga dron kelib urilishi sababli shaharning toʻrt tumanida elektr taʼminoti vaqtincha uzilgan. Undan oldingi tunda esa Kiyev yaqinidagi dron hujumlarida olti kishi halok boʻlgani xabar qilingan.
18-oktabr oqshomidagi raketa hujumida 21 yoshli qiz halok boʻlgan, kamida besh kishi jarohatlangan. Dniproning chap sohilidagi metro bekatlaridan biri ham shikastlangan edi.

















