O‘zbekiston | 10:41 / 06.07.2022
8072
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda har yili «Islom olamida turizm haftaligi» o‘tkaziladi

Bu haqda Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo mamlakatlar turizm vazirlari tomonidan imzolangan kelishuvda belgilab qo‘yildi.

Foto: Kun.uz

27–29 iyun kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar turizm vazirlari ishtirokida Islom konferensiyasining XII sessiyasi o‘tkazildi

Jumladan, unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.

Konferensiya davomida Islom turizmini rivojlantirish bo‘yicha Strategik yo‘l xaritasi, turizm investitsiya loyihalarini amalga oshirish, pandemiyadan keyingi davrda sohani tiklash, Islom madaniyati va merosini targ‘ib qilish, sayyohlik ko‘rgazmalarini o‘tkazish va shu kabi mavzular muhokama qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Aziz Abduhakimov Xiva shahrining sayyohlik salohiyati haqida so‘z yuritdi. Shu mavzuda taqdimot o‘tkazildi, videofilmlar namoyish etildi. 

Shuningdek, Xiva shahri 2024 yildagi Islom dunyosining turizm poytaxti deb e’lon qilindi. 2024 yilda Xiva shahrida Turizm vazirlarining XIII Islom konferensiyasini tashkil qilish va har yili O‘zbekistonda «Islom olamida turizm haftaligi»ni o‘tkazishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, IHT davlatlari o‘rtasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha rezolyutsiya ham qabul qilindi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid