Shu munosabat bilan bir qancha vaqt avval Toshkent shahri «Novza» jome masjidi imom-xatibi Jaloliddin domla Hamroqulov bilan qurbonlik hukmi va ahkomlariga doir uyushtirgan suhbatimizni takroran e’lon qilishni lozim topdik.

Bu oyda amalga oshiriladigan qurbonlikning hukmi qanday?

— Ushbu muborak oyda qilinadigan amali solihlarning eng afzali – Zulhijja oyining 10-kuni Hayit namozi o‘qilganidan so‘ng, uchinchi kun quyosh botgunga qadar, ya’ni 3 kun ichida, musulmon, oqil, balog‘at yoshiga yetgan, muqim va zakot berishga qodir bo‘lgan kishilarga bir jonlik so‘yish vojib hisoblanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Bu kunda eng birinchi qiladigan ishimiz qurbonlik so‘yishdir», deydilar.

Qur’oni karimning eng kichik «Kavsar» surasida: «Biz sizga, ey Rasululloh, Kavsarni ato etdik. Shunday ekan, Robbingizga namoz o‘qing va qurbonlik qiling», deyiladi. Mufassirlar ushbu oyatlar tafsirida, namozdan murod – Qurbon hayiti namozi, qurbonlikdan murod qurbonlik so‘yish ekanini aytishadi. Bundan ko‘rinadiki, qurbonlik qilishlik musulmon, oqil, solih, muqim va zakot berishga qurbi yetgan insonga vojib bo‘ladi.

Zakot beruvchi va qurbonlik qiluvchi o‘rtasidagi farq

— Shu o‘rinda, zakot va qurbonlik orasidagi nozik qirra haqida. Mazhabimizda zakot berishdan avval nisobga yetgan mol bir yil o‘zgarmasdan turishi shart qilingan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun nisobga yetgan moli uyda bir yil turishi shart emas. Qurbon hayiti bayrami arafasida yoki qurbonlik qilish mumkin bo‘lgan kunlari moli nisobiga yetsa, qurbonlik qilishi vojib bo‘ladi.

Yana bir tarafi: puldor, moli nisobiga yetgan odam musofir bo‘lib qolsa, unga qurbonlik qilishlik vojib bo‘lmaydi. Agar safarga ketayotgan odam moliga vasiylik qiladigan odamga: «Agar men safarda bo‘lib qaytolmay qolsam, qurbonlik qilinglar» desa, qilsa bo‘ladi. Ammo bu so‘zni aytmagan bo‘lsa, bo‘ynidan soqit bo‘ladi.

Qanday hayvonlardan qurbonlik qilinadi?

— Qo‘y, echki, qoramol, qo‘tos va tuya kabi hayvonlardan qurbonlik qilinadi.

Bizning Hanafiy mazhabimizda qo‘y bir kishi uchun, qoramol va tuya bir nafardan yetti nafargacha kishining nomidan so‘yilsa ham bo‘ladi.