9 iyul kuni kechqurun Donetsk oblastidagi Chasiv Yar shahrida ikkita besh qavatli uy hujumga uchragan. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati ma’lum qildi. Donetsk oblasti ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenkoning so‘zlariga ko‘ra, uylardan birida ikki pod’yezd butkul qulab tushgan. O‘nlab kishilar xarobalar ostida qolib ketishgan. Qurbonlarning aniq soni ma’lum emas. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, xarobalar ostidan 33 kishining jasadi olib chiqilgan (ular orasida bir bola bor), to‘qqiz kishi tirik holda topilgan.
Ukraina hukumati Chasiv Yarga berilgan zarbalarda rossiyalik harbiylarni ayblagan. Pavel Kirilenkoning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar shaharni «Uragan» baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan o‘qqa tutishgan. O‘z navbatida, favqulodda holatlar bo‘yicha davlat xizmati va Ukraina qurolli kuchlari birlashgan kuchlari guruhi shahardagi aholi turar joylariga zarba «Iskander» raketa majmuasidan berilganini ma’lum qilgan.
«Bu raketa zarbasi edi. Bunday zarbalar yo‘llash uchun buyruq berayotganlar ongli ravishda qotillik qilishmoqda. Bunday zarbalardan keyin qotillar nimanidir bilishmagani yoki tushunishmagani haqida aytishga haqli emas», — degan Zelenskiy videomurojaatida va ukrain shaharlarini o‘qqa tutayotganlarning har biri topilishini va’da qilgan.
RF mudofaa vazirligi faqat ikki kun o‘tib Chasiv Yarga berilgan zarbani tasdiqladi va bu «natsionalistlarning yo‘q qilinishi» bo‘lganini ta’kidladi. Vazirlik 11 iyul kungi hisobotida «quruqlikda joylashtirilgan yuqori aniqlikdagi qurol bilan» ushbu aholi punktidagi Ukraina hududiy mudofaa kuchlarining 118-brigadasining vaqtinchalik joylashuv punkti yo‘q qilinganini ma’lum qiladi. «Zarba natijasida uch yuzdan ortiq natsionalist yo‘q qilindi», — deyiladi xabarda. Shu bilan birga, RF mudofaa vazirligi versiyasida zarba qachon berilganiga aniqlik kiritilmagan.
Rossiya propagandachilari yotoqxona hududida Ukraina harbiylari joylashganini iddao qilishmoqda. Xususan, bunday versiya taniqli kremlparast bloger Ribar va «Voyna s feykami» telegram-kanalida bildirilgan. Ular raketa ukrain harbiylari va xorijlik yollanma kuchlar joylashtirilgan yotoqxonaga borib tushganini ta’kidlashadi. Shu bilan birga, Ribarning versiyasiga ko‘ra, binoda baribir «ko‘chishdan bosh tortgan» tinch aholi vakillari ham qolgandi.
Ribar va «Voyna s feykami» o‘z versiyalariga dalil sifatida qutqaruvchilar xarobalar ostidan olib chiqqan «harbiy formadagi erkak» suratini keltirishadi. Suratda uning harbiyligini ko‘rsatadigan nishon yoki biror tanish belgilari yo‘q bo‘lgan yashil futbolkadagi kishini ko‘rish mumkin.
















