Rossiya qo‘shini bir hafta ichida Ukraina qurolli kuchlarining Donetsk oblastidagi ikki muhim istehkomi vazifasini bajargan Velika Novosilka va Toretskni (ikkinchi shaharning sharqiy va g‘arbiy chekkalarida janglar davom etmoqda) egalladi. Uchinchi qal’a ham qulash arafasida. RF qurolli kuchlari Chasiv Yarning shimoliy va janubiy qismlarini egallab olgan, bu esa Ukraina qurolli kuchlarining shahar markazidagi ko‘p qavatli binolar vayronalarida joylashgan pozitsiyalari qulashiga olib kelishi mumkin. Xarkiv oblastidagi frontning Kupyansk uchastkasida rossiyalik harbiylar Oskol daryosi g‘arbiy sohilidagi platsdarmini kengaytirdi va endi uni ta’minotni yo‘lga qo‘yish va Kupyanskning o‘ziga yurish boshlash uchun RF hududi bilan bog‘lashga harakat qilmoqda.

Velika Novosilka va Kuraxovo

Rossiya qo‘shini Velika Novosilkani egalladi — bu Donbass janubidagi rayon markazidir. Posyolkadagi ukrain garnizonining asosiy qismi qariyb qurshov holatida qolganiga qaramay Mokriye Yali daryosi shimoliga chekinishga muvaffaq bo‘lgan. Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari 110-mexanizatsiyalashgan brigadasining bir necha yuz jangchilari oxirigacha Velika Novosilkada qolishgan. 2024 yil boshida ushbu brigada bo‘linmalari Avdiyivkada qurshovga tushib qolib, og‘ir yo‘qotishlarga uchragandi.

Endi Rossiyaning mazkur hududdagi qo‘shini, so‘nggi hujumlariga qaraganda, bor e’tiborini Ukraina qurolli kuchlarining Kuraxovodan g‘arbdagi pozitsiyalarini bartaraf etishga qaratadi. Bu yerda RF qurolli kuchlarining shimoldan kelgan bo‘linmalari ukrain qismlari chekinishi uchun qolgan yagona yo‘l bo‘lmish Donetsk — Zaporijjya trassasi yaqinidagi Andreyevka qishlog‘iga kirishgan. Boshqa guruh esa ushbu yo‘lga janubdan yaqinlashib kelmoqda. Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari Kuraxovo atrofini tark etib, g‘arbga ketishga majbur bo‘ladi.

Shunda ham Ukrainaning Kuraxovo guruhi qamal xavfidan forig‘ bo‘la olmaydi: tez orada yanada g‘arbroqda (Bogatir qishlog‘i hududida) Velika Novosilkadan chiqqan rus qo‘shini ham Donetsk — Zaporijjya trassasiga yetib keladi.

Pokrovsk

RF qurolli kuchlari Pokrovskdan g‘arbdagi yurishini davom ettirmoqda — bu Donbass markazidagi yirik shahar (urushga qadar atrofdagi hududlar bilan birga 150 mingga yaqin kishi yashagan).