4 iyul kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezident Putinga Lisichansk ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilgani va «LXR» hududlarini «ozod etish bo‘yicha amaliyot muvaffaqiyatli» o‘tkazilgani to‘g‘risida hisobot berdi.

Shoyguning hisobotini tinglab bo‘lgach, Putin oldingi chiziqda jang qilgan bo‘linmalarga tanaffus berishni taklif qildi.

«Faol jangovar harakatlarda ishtirok etgan va Luhansk yo‘nalishida g‘alabaga, muvaffaqiyatga erishgan bo‘linmalar dam olishi, o‘z harbiy imkoniyatlarini oshirishi kerak», degan Rossiya prezidenti va shunday qo‘shimcha qilgan: - boshqa harbiy birlashmalar, jumladan «Sharq», «G‘arb» ham oldindan tasdiqlangan yagona reja bo‘yicha o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishi kerak».

Lisichansk - Luhansk oblastining Kiyev nazoratidagi so‘nggi shahri bo‘lib qolayotgandi.

TASS RF mudofaa vazirligiga asoslangan holda Donbassdagi janglarda qatnashgan rossiyalik harbiylarga «dam olish, uydan xat va jo‘natmalar olish imkoni taqdim etilgani» haqida xabar qilgan. «Jangovar imkoniyatlarni to‘ldirish choralari ko‘rilmoqda», deya ma’lum qiladi vazirlik.

3 iyuldan keyin ham Rossiya Ukrainada frontning turli uchastkalarida cheklangan kuchlar bilan hujumlarni davom ettirmoqda. Lekin bu operativ tanaffus haqidagi xulosaga zid emas, bunday tanaffus harbiy harakatlar butunlay to‘xtatilishini anglatmaydi.

Frontdagi vaziyat bundan buyog‘iga qanday rivojlanishi mumkin va boshqa masalalar - BBC obzorida.

Lisichansk nega bunchalik tez tashlab ketildi?

Ukraina qo‘shini Severodonetskni bir necha oy davomida mudofaa qildi, strategik muhim hisoblangan qo‘shni Lisichansk esa Severodonetsk boy berilishidan bir necha kun o‘tiboq tashlab chiqildi. Nima uchun?

Chindan ham, ukrain qismlari aholi punktlarini kultepaga aylanguniga qadar himoya qilmoqda. Mariupol, Izyum, Volnovahi, Popasnaya va boshqa ko‘plab joylarda shunday bo‘ldi.

Ukraina armiyasi qo‘mondonligi dushman kuchlarini bo‘lib tashlash strategiyasiga amal qilishda davom etmoqda, bunda ma’lum hududlar topshirilishi harbiy falokatga olib kelmaydi.

Rossiyaliklarning asosiy zarbalari yo‘nalishida chuqur, egiluvchan, ammo harakatchan mudofaa tashkil etilgan. Mag‘lubiyat yoki qurshovga tushib qolish tahdidi yuzaga kelgan taqdirda, chekinish muammo bo‘lmaydi.