Trostyanskiy va Jushmaning o‘limi haqida shaharning Rossiya tomonidan tayinlangan meri (Rossiya qo‘shini ushbu shaharni 2022 yil yozida o‘z nazoratiga olgan) Eduard Soxnenko o‘z telegram-kanalida ma’lum qilgan.

Avvalroq «LXR» rahbari Leonid Pasechnik xuddi shu zarba oqibatida o‘zini e’lon qilgan respublikaning favqulodda vaziyatlar vaziri Aleksey Poteleshchenko ham halok bo‘lganini tasdiqlagandi.

Rossiya zarba Ukraina qurolli kuchlari tomonidan yo‘llanganini ma’lum qilgan, ammo Ukraina mudofaa vazirligi bu zarba yuzasidan hech qanday izoh bermagan.

Zarba ADRIATIC restoraniga kelib tushgan. Lisichanskning Ukraina tomonidan tayinlangan ma’muriyati vakili «Suspіlne novini» saytiga bergan izohida «gap bosqinchilar o‘z maqsadlarida foydalanib kelgan bino» haqida ketayotganini aytgan. «U yerda okkupatsiya qo‘shini uchun non pishirilgan va yig‘ilishlar o‘tkazilgan. U shahar okkupatsiya qilinganidan keyin ishlay boshlagandi», degan u.

LXR FVV vaziri Aleksey Poteleshchenko zarba qurbonlari orasida zikr etilgan

Zarba novvoyxonaga emas, balki Rossiya ta’siridagi ma’muriyat vakillari to‘plangan restoranga berilgani haqida Mariupolning Ukraina tomonidan tayinlangan meri Petro Andryushchenko ham yozgan.

«Rossiyaliklar darhol [halok bo‘lganlardan] „terrorizm va ukrnatsizm qurbonlari“ yasab olishdi. Dam olish kunlarida qurbonlarning ro‘yxati va zarba berilgan joyning aniq koordinatalari paydo bo‘ldi. Ha, yonida novvoyxona bor, ammo u butun qolgan. Kollaborantning restorani esa — yo‘q. „LXR FVV ministri“ Poteleshchenko Aleksey Aleksandrovich ham, u 2014 yilda okkupantlar tomonga o‘tgandi», — deya yozgan u o‘z telegram-kanalida.

Lisichanskka zarba haqida nimalar ma’lum?

Lisichansk 3 fevral kuni o‘qqa tutilgan, Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, zarba oqibatida tinch aholi vakillaridan 28 kishi, jumladan bir bola halok bo‘lgan. 10 kishining hayoti saqlab qolingan.

Rossiya hukumati va mahalliy rasmiylar zarba uchun javobgarlikni Ukraina qurolli kuchlari zimmasiga yukladi.

Rossiya nazorati ostidagi Luhansk axborot markazi Ukraina AQSh tomonidan yetkazib berilgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi orqali novvoyxonani o‘qqa tutgani haqida xabar berdi.

Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Moskva xalqaro hamjamiyatdan ushbu zarbani «zudlik bilan qoralash»ni kutayotganini bildirdi.