U Lisichansk uchun jangda mag‘lub bo‘linganini tan olgan, ammo hozirgi bosqichda qo‘shinlarni Ukraina G‘arbdan va’da qilingan qurollarni olishi bilan boshlanadigan bo‘lajak qarshi hujumlar uchun saqlab qolish muhimligini qayd etgan.
«Bizning harbiylar shaharni yana uzoq vaqt davomida tutib turishi mumkin edi, ammo hozirda Rossiya artilleriya va o‘q-dorilar borasida katta ustunlikka ega bo‘lib qolmoqda. Ular shunchaki uzoqdan turib shaharni yakson etishi mumkin, bunday holatda esa qolishdan ma’no yo‘q. Biz qurshovda, o‘qlar yomg‘iri ostida o‘tirishga majbur bo‘lardik. Shuning uchun barchani bir vaqtning o‘zida olib ketishga to‘g‘ri kelmasligi uchun qurshovga yo‘l qo‘ymaslikka qaror qildik. G‘arbroqdagi oldindan mustahkamlab qo‘yilgan pozitsiyalarga o‘tib, shu yerdan rus armiyasiga qarshi kurash davom ettirishga qaror qildik. Natijada barcha bo‘linmalar shahardan yo‘qotishlarsiz chiqdi», degan Sergey Gayday BBC uchun intervyusida.
Uning izohlashicha, Ukraina qurolli kuchlari Lisichansk uchun jang olib borayotgan vaqtda boshqa ukrain bo‘linmalari Donetsk oblastida yangi mudofaa chizig‘ida istehkomlar tayyorlashga muvaffaq bo‘lishgan, uning fikricha, endi bu chiziq rossiyalik harbiylarning navbatdagi nishoniga aylanadi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Lisichansk egallangach berilgan videomurojaatida Luhansk oblastidagi janglarda ishtirok etgan harbiylar «dam olishi va o‘z harbiy imkoniyatlarini oshirishi kerakligi»ni aytdi, shuningdek boshqa uchastkalardagi Rossiya qo‘shinlarini «oldindan ma’qullangan rejalar» bo‘yicha harakatlanishda davom ettirishga chaqirdi. «Umid qilamanki, ularning yo‘nalishlarida ham barchasi xuddi Luhansk yo‘nalishidagi kabi kechadi», degan prezident Putin.
Lisichanskning qulashi - Donbass uchun janglar yakuni emas
Jonatan Bil, BBC korrespondenti
Lisichansk Shimoliy Don daryosining o‘ng sohilida, Severodonetskka yondosh joylashgan shahar. Bu shahar biroz yuqoriroqdaligi uning tabiiy mudofaasida tabiiy istehkom vazifasini o‘tashiga umid qilingandi. Ammo uning atrofidagi halqa torayib bordi, shaharga kirish va shahardan chiqish yo‘llarining katta qismi Rossiya qo‘shinlari nazoratiga o‘tdi.
So‘nggi hafta davomida ayrim ukrain bo‘linmalari qo‘shni mudofaa chizig‘iga chekina boshladi.
Yakshanba kuni ukrain rasmiy shaxslari ushbu shahardagi vaziyat bo‘yicha noodatiy tarzda sukut saqlashdi. Buni qisman «operativ xavfsizlik» sifatida tushunish mumkin. Bunday taktik chekinish haqida ma’lumot - ommaga e’lon qilish uchun emas.




















