O‘zbekiston | 07:47 / 15.07.2022
4278
2 daqiqa o‘qiladi

Maktab direktori lavozimiga nomzodlarni tayyorlashda Yaponiya tajribasi yo‘lga qo‘yiladi

Foto: Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti

A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti hamda Yaponiyaning Tsukuba universiteti hamkorligida maxsus loyiha amalga oshirilib, O‘zbekistonda maktab direktorlarini sertifikatlash tizimi Yaponiya tajribasi asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yilning 1 sentabridan boshlab maktab direktorlarini sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Endilikda maktab direktorligiga nomzodlar mazkur tizim orqali tanlab olinadi. Shu munosabat bilan A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti mas’ullari hozirda Yaponiya tajribasini o‘rganib, maxsus loyihani amalga oshirishmoqda.

2022 yil 1 dekabrga qadar maktab direktori lavozimiga nomzodlarning bilim, ko‘nikmalarini baholash va baholash natijasi bo‘yicha ularga menejyerlik sertifikatini berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish, maktab direktori lavozimiga nomzodlarni menejyerlik sertifikatini olish uchun Xalq ta’limi vazirligining A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida maxsus pulli dasturlar asosida jamoada ishlash, ota-onalar bilan muloqot qilish, boshqaruv, moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘nikmalariga o‘qitish belgilangan.

O‘qitish yakuni bo‘yicha Milliy-tadqiqot instituti tomonidan maktab direktori lavozimiga nomzodlarning boshqaruv sohasiga oid bilim, ko‘nikmalari baholanib, natijasi bo‘yicha menejyerlik sertifikati beriladi.

Shu munosabat bilan 11 iyul kuni A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti hamda Yaponiyaning Tsukuba universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi. Memorandumga ko‘ra, O‘zbekistonda maktab direktorlarining milliy sertifikatlash modeli yaratilib, unda Yaponiya tajribasidan foydalaniladi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 5 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida maktab direktorlariga nisbatan talablar keskin kuchaytirilishini ta’kidlagan edi.

Mavzuga oid