Krasnodarning Leninskiy tuman sudi «Oçiq Rossiya»ning sobiq rahbari Andrey Pivovarovni «nomaqbul taşkilot» (Jinoyat kodeksining 284.1-moddasi) işi böyiça 4 yilga umumiy tartibli koloniyaga hukm qildi. Bu haqda 15 iyul, juma kuni advokat Sergey Badamşin ma’lum qildi va Pivovarov sakkiz yilga ijtimoiy va siyosiy faoliyat bilan şuğullaniş, jumladan, internetdan foydalaniş huquqidan ham mahrum etilganini qöşimça qildi.

Prokuror Pivovarovni beş yilga ozodlikdan mahrum qilişni söradi. Ayblanuvçi öz aybini tan olmadi va jinoiy ta’qibni özi iştirok etmoqçi bölgan Davlat dumasiga bölajak saylovlar bilan izohladi. «Ular nima qilmasin, men erkin odam bölib qolaman», - deya yozdi Andrey Pivovarov hukm e’lon qilinişidan oldin, uning jamoasi tomonidan boşqariladigan Telegram-kanalida.

Pivovarov 31 may kuni Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroportida Polşaga uçişi kerak bölgan samolyotga ötirgan paytda qölga olingan edi. Keyinçalik Pivovarovga nisbatan «nomaqbul taşkilot» - «Oçiq Rossiya» bilan hamkorlik qiliş aybi bilan jinoiy iş qözğatilgani ma’lum böldi. 

Bunga Pivovarovning Facebook’dagi bir yil avvalgi reposti sabab böldi. Sankt-Peterburgdagi kvartirada tintuv ötkazilgaç, siyosatçi Krasnodarga köçirildi va u yerda hibsga olindi. 

Hibsga olingan paytda Pivovarov «Oçiq Rossiya»da işlamagan – 27 may kuni taşkilot tarafdorlarini Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 284.1-moddasi böyiça ehtimoliy jinoiy ta’qiblardan himoya qiliş maqsadida özini özi tugatganini e’lon qildi. 

«Memorial» inson huquqlari markazi Andrey Pivovarovni siyosiy mahbuslar röyxatiga kiritdi. Yevropa ittifoqi Kremlni muxolifatçini ozod qilişga çaqirdi.