Jahon | 14:40 / 16.07.2022
16934
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istondagi yirik YTHda halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligi ma’lum bo‘ldi

Halok bo‘lganlarning shaxsiga to‘la aniqlik kiritilgach, 8 nafar qurbon orasida 2 nafar o‘zbekistonlik ham borligi haqidagi birlamchi ma’lumot noto‘g‘ri ekani ma’lum bo‘ldi. Kasalxonaga yotqizilgan 10 kishidan 5 nafari – o‘zbekistonliklar, ulardan biriga uyiga javob berilgan.

Foto: Zakon.kz

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qozog‘istonda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Bugun, 16 iyul kuni Qozog‘istonning Qarag‘anda oblasti, Shetskiy tumanida “Man” yuk mashinasi va Mercedes-Benz Sprinter yo‘lovchi mikroavtobusi to‘qnashishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Mercedes-Benz Sprinter mikroavtobusi salonida bo‘lgan 18 nafar yo‘lovchidan 8 nafari - Qozog‘iston fuqarolari voqea joyida vafot etgan, halok bo‘lgan fuqarolar shaxsiga aniqliklar kiritilganida ular orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q ekani aniqlangan.

Shuningdek, 10 kishi turli darajalarda tan jarohati olgan, ularning 5 nafari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, ayni vaqtda ularga Aksu-Ayuli qishloq kasalxonasida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Ulardan 1 nafariga ambulator davolanish uchun ruxsat berilgan.

FVV tomonidan avvalgi berilgan birlamchi shoshilinch xabarda 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani aytilgandi

Qozog‘iston mas’ul xizmatlari tomonidan mukammal o‘rganilib, fuqarolarning shaxsiga aniqliklar kiritilganda, halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid