Jahon | 15:25 / 18.07.2022
3884
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada xorijiy agent maqomi berilgan «Dojd» telekanali yana efirga chiqishga hozirlik ko‘rmoqda

«Dojd»ning kechki jonli ko‘rsatuvlari 18 iyuldan boshlanishi rejalashtirilgan va efirga to‘liq qaytish kuzda sodir bo‘lishi mumkin, dedi telekanal bosh direktori Natalya Sindeyeva.

Foto: Picture Alliance

Rossiya hukumati tomonidan «OAV-xorijiy agent» deb tasniflangan va Ukrainada urush boshlanganidan keyin Rossiya Federatsiyasidagi faoliyatini to‘xtatgan «Dojd» telekanali 18 iyuldan qisman o‘z ko‘rsatuvini qayta tiklaydi. Tahririyat Youtube-kanalida kechki jonli ko‘rsatuvlarni yo‘lga qo‘yishni va bir qator mualliflik dasturlarini qaytarishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi 16 iyul kuni «Xolod» nashriga «Dojd» bosh direktori Natalya Sindeyeva. Shu bilan birga, kuzda «katta, jiddiy ishga tushirish» rejalashtirilgan, dedi u. 

Sindeyeva telekanal yaqinda Yevropa litsenziyasini olganini eslatib, ayni damda bir qancha shaharlarda studiyalar yaratish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini aytdi. Shu bilan birga, u «Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish» to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan keyin Rossiyada translatsiya qilish imkonsiz bo‘lib qolganini ta’kidladi, chunki bu hokimiyat pozitsiyasiga to‘g‘ri kelmaydigan har qanday nashrlar uchun javobgarlik bilan tahdid soladi. 

Iyun oyi boshida Latviya Elektron OAV bo‘yicha milliy kengashi (NEPLP) «Dojd» telekanaliga efirga chiqish litsenziyasini berdi. Kengash rahbari Ivars Abolinshning ta’kidlashicha, translatsiya bo‘yicha muzokaralar taxminan uch oy davom etdi. O‘z navbatida, «Dojd» bosh muharriri Tixon Dzyadkoning aytishicha, turli studiyalarda - Latviya, Niderlandiya, Fransiya va Gruziyada translatsiyalar olib borilishi rejalashtirilgan. «Kichikdan boshlaymiz va asta-sekin efir tarmog‘i bo‘ylab kengaytiramiz», deya qo‘shimcha qildi u. 

«Dojd» telekanali Ukrainada urush boshlanganidan bir hafta o‘tib, 4 mart kuni Rossiya Federatsiyasidagi faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Bosh direktor Natalya Sindeyevaning so‘zlariga ko‘ra, bu efir, YouTube va ijtimoiy tarmoqlardagi translatsiyalarga tegishli bo‘ldi. Bungacha, 1 mart kuni «Dojd» sayti bloklangan edi. «Bizga nafas chiqarish va qanday ishlashni tushunish uchun kuch kerak. Haqiqatan ham efirga qaytamiz deb umid qilyapmiz», - dedi Sindeyeva. Telekanal Rossiyada 2010 yilning aprel oyidan beri faoliyat yuritib kelmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid