«Gazprom» Yevropaga gaz yetkazib berish bo‘yicha fors-major holatini e’lon qildi
Rossiya kompaniyasi Yevropa ittifoqidagi gaz oluvchini «o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra» o‘z majburiyatlarining bir qismini bajara olmasligi haqida ogohlantirdi.
Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi Yevropadagi kamida bitta yirik iste’molchiga gaz yetkazib berish bilan bog‘liq fors-major holatini e’lon qildi. Bu haqda Reuters 18 iyul, dushanba kuni kompaniya maktubiga tayanib xabar berdi.
14 iyul kuni «Gazprom» gaz oluvchini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan «favqulodda vaziyatlar» tufayli yonilg‘i yetkazib berish bo‘yicha majburiyatlarini bajara olmasligi haqida xabar bergan. Bu qanday holat ekani haqida agentlik xabar bermadi. Ushbu holatga olib kelgan voqea 14 iyun kuni sodir bo‘lgan, deyiladi xatda, shu kuni kompaniya birinchi marta Yevropaga gaz yetkazib berishni qisqartirish haqida e’lon qildi. Rossiya kompaniyasi bu ma’lumotga izoh bermadi.
Reuters manbasiga ko‘ra, gap Germaniyaga gaz yetkazib berishning asosiy yo‘nalishi bo‘lgan «Shimoliy oqim 1» quvuri haqida bormoqda. «Fors-major» holatlari kompaniya o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra majburiyatini bajara olmaganida qo‘llaniladi, deb ta’kidlaydi Reuters. «Gazprom»ning bunday bayonoti Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirishi mumkin, deya ogohlantirgan agentlik.
«Shimoliy oqim» gaz quvuri 11 iyul kuni rejali ta’mirlash ishlari uchun yopilgan edi. Ular 21 iyulgacha davom etishi kerak, biroq Germaniya hukumati siyosiy sabablarga ko‘ra ish oxir-oqibat «doimiy ta’mirlash»ga aylanib ketishidan xavotir olyapti.
Gaz quvurining yopilishidan oldin u orqali Rossiya tomonidan beriladigan gaz hajmi keskin kamaygan - loyiha quvvatining 40 foizigacha. Rossiya kompaniyasi buni texnik muammolar bilan izohladi - Kanada Rossiyaga qarshi sanksiyalar tufayli ta’mirlangan Siemens Energy turbinalarini Viborg yaqinidagi «Portovaya» kompressor stansiyasiga qaytarishni muzlatib qo‘ydi.
«Bugun biz Rossiya energiyadan qurol sifatida foydalanayotganini aytishga majburmiz. Hech kim Rossiya gaz ta’minotini faqat texnik sabablarga ko‘ra qisqartirayotganiga ishonmaydi», - dedi Germaniya kansleri Olaf Shols «Gazprom» bayonotiga javoban.
Natijada, Kanada turbinani Germaniyaga jo‘natish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun sanksiyalarni vaqtinchalik to‘xtatib turdi. Germaniya hukumati «agar bu kanadaliklar uchun qonuniy ma’noda qaror qabul qilishni osonlashtirsa», Berlin uskunalarni Moskvaga emas, o‘z hamkorlariga topshirishni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Turbinaning qaytishi Rossiyani gazni standartdan ancha past darajada yetkazib berish bahonasidan mahrum qiladi, deya ma’lum qildi rasmiy Berlin.
Rossiya matbuotiga ko‘ra, 17 iyul kuni Kanada Germaniyaga ta’mirlangan turbinani yetkazib bergan. Germaniyadan uni paromda Helsinkiga, u yerdan esa Rossiyaga olib borishadi. U «Portovaya» kompressor stansiyasiga 24 iyul kuni yetib boradi. «Shimoliy oqim» orqali yiliga 55 milliard kubometr gaz o‘tadi. 2021 yilda Germaniya 100 milliard kubometr gaz iste’mol qildi.
Mavzuga oid
10:20 / 30.10.2024
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
15:54 / 29.10.2024
Toshkent tumanidagi qariyb 43 ming xonadonda noma’lum muddatga gaz o‘chiriladi
16:23 / 28.10.2024
Turkmaniston Rossiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi
09:39 / 24.10.2024