Jahon | 14:23 / 19.07.2022
11376
3 daqiqa o‘qiladi

Guterrish Ukraina va Rossiyadan oziq-ovqat mahsulotlarini bozorlarga qaytarishga chaqirdi

Jahon oziq-ovqat inqirozini hal qilish uchun shoshilinch muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish zarur, deya ma’lum qildi BMT bosh kotibi oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat keskin yomonlashganiga ishora qilib.

Foto: Getty Images

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish global oziq-ovqat inqirozini hal qilish uchun shoshilinch muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish zarurligini e’lon qildi. Ukraina va Rossiyada ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarini jahon bozorlariga qaytarish zarur, dedi u 18 iyul, dushanba oqshomida tarqatilgan videomurojaatda.

Rossiya va Ukrainada ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari dunyoning bir qancha mintaqalarida ocharchilikdan saqlanishga yordam beradi, dedi u. Shu bilan birga, Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, «jasur va muvofiqlashtirilgan siyosiy choralar» ko‘rilishi kerak. Agar hozir va birgalikda harakat qila boshlansa, dunyo hali ham «halokatdan qochib qutula oladi». «Bu Ukrainaning oziq-ovqat ishlab chiqarishi, shuningdek, Rossiyaning oziq-ovqat va o‘g‘it mahsulotlarini jahon bozorlariga zudlik bilan qaytarilishi va ochiq xalqaro savdoni saqlab qolish demakdir», — dedi BMT bosh kotibi.

Guterrish global oziq-ovqat xavfsizligi holati haqidagi so‘nggi hisobotga ishora qildi. Ushbu hujjatda ta’kidlanishicha, so‘nggi ikki yil ichida iqlim o‘zgarishi, mojarolar va pandemiya fonida sayyorada oziq-ovqat mahsulotlarining og‘ir tanqisligidan aziyat chekayotganlar soni ikki baravar ko‘paygan. «Bu yil biz katta miqdordagi odamlar uchun haqiqiy ocharchilik xavfiga duch kelyapmiz. Kelgusi yil esa bundan ham battar bo‘lishi mumkin. Ammo hozir harakat qilsak, bu falokatdan qochishimiz mumkin», - deya ta’kidladi jahon tashkiloti rahbari.

Xalqaro gumanitar tashkilotlar va davlat rahbarlari Ukrainadagi urush va Ukraina portlarida don olib o‘tadigan kemalarning blokadasi qashshoq mamlakatlarda, birinchi navbatda, Shimoliy Afrikada ocharchilik muammosini yanada kuchaytirishi mumkinligi haqida bir necha bor ogohlantirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, jahon bug‘doy eksportining qariyb 30 foizi Rossiya va Ukraina hissasiga to‘g‘ri keladi.

Germaniyaning Welthungerhilfe xayriya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ocharchilik xavfi ostida qolganlar soni 811 millionga yetgan. Ayniqsa, Yaman, Afg‘oniston va Janubiy Sudan, shuningdek, iqlim inqirozi oqibatlari kuchli qurg‘oqchilikka sabab bo‘layotgan Madagaskar va Sharqiy Afrikada vaziyat keskin. 2021 yilda bir nechta inqirozlar tufayli oziq-ovqat narxlari 28 foizga oshgan va Ukrainada 2022 yil fevralida boshlangan urush narxlarning yanada oshishiga olib kelgan, deya xabar beradi tashkilot iyul o‘rtalarida. «Afg‘onistondan Zimbabvegacha odamlar non, don yoki meva narxining 60 foizga oshishi bilan kurashmoqda», dedi Welthungerhilfe rahbari Marlen Tiyeme.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid