Hukumatning shu yil 19 maydagi 271-sonli qarori bilan umumta’lim maktablarida yagona maktab formasiga o‘tish 2022/23 o‘quv yilidan majburiy qilindi. Xo‘sh, tikuvchilik korxonalari 6,6 millionlik talabni qondira oladimi?

Vazirlar Mahkamasining mashhur 666-sonli qarori bilan maktab formalari dizayni tasdiqlanganiga 4 yil bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, kichik yoshdagi 1-6-sinf o‘quvchilari uchun alohida va yuqori 7-11 sinf o‘quvchilari uchun boshqacha formalarning yagona dizayni tasdiqlangan.

Maktab formalarining tasdiqlangan dizayni

Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi hamda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan hamkorlikda jurnalistlar uchun Namangan viloyatidagi korxonalarda tikilayotgan maktab formalarini borib o‘rganish maqsadida press-tur o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, hukumatning 2018 yil 15 avgustdagi «Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 666-sonli qarori bilan yagona maktab formasi joriy etilishi aholining katta qismida e’tiroz keltirib chiqargani sababli biroz kechiktirilgan va 2024/25 o‘quv yilidan joriy etish belgilangandi. Hukumatning shu yil 19 may sanasidagi 271-sonli qarori bilan yangi o‘quv yilidan maktab o‘quvchilarini majburiy maktab formasiga o‘tkazish belgilandi.

XTV ma’lumotiga ko‘ra, 2022/23 yangi o‘quv yilida O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarda 6 mln 620 ming nafar o‘quvchi ta’lim oladi va ularning barchasi maktab formasi bilan ta’minlanishi kerak.

Xo‘sh, maktablarda yagona maktab formasi nega joriy etilmoqda? Xalq ta’limi vazirligi ma’naviyat boshqarmasi boshlig‘i Jamoliddin Fozilovning tushuntirishicha, yagona forma joriy etishdan ko‘zlangan bosh maqsad maktab o‘quvchilari o‘rtasida ijtimoiy tenglikni joriy etishdir. Ya’ni maktabda o‘quvchilar kim qanday kiyinib kelganiga chalg‘imasdan, faqat bilim olish bilan shug‘ullanishlari kerak.