«Dunyo» axborot agentligi xabariga koʻra, taqdirlash marosimi 15-oktabr kuni Rimdagi FAO bosh qarorgohida oʻtkazilgan. Unda qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat tizimlari va qishloq hududlarini rivojlantirish, insonlar hayotini yaxshilashga hissa qoʻshayotgan xotin-qizlar eʼtirof etilgan.
Masturaxon Sayfutdinova qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va sohaga innovatsion yondashuvlarni joriy etish borasidagi faoliyati uchun roʻyxatdan joy olgan.
Shuningdek, uning «Anor yetishtiruvchilar» uyushmasini tashkil etish tashabbusi, sohaga oid darslik va qoʻllanmalar yaratishdagi xizmatlari ham qayd etilgan.
Oʻzbekiston vakilini FAO bosh direktori Syuy Dunyuy shaxsan taqdirlagan. Alohida uchrashuvda u bu natijani Sayfutdinovaning shaxsiy yutugʻi bilan birga, Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻlidagi ishlar bilan ham bogʻlagan.
Xabarda Sayfutdinovaning yetakchilik salohiyati, tirishqoqligi va tashabbuskorligi xalqaro eʼtirofga asos boʻlgani taʼkidlangan.
















