Jahon | 10:18 / 26.07.2022
22328
3 daqiqa o‘qiladi

«Biz barcha va’dalarni bajaryapmiz, endi AQSh ham o‘z va’dalarini bajarsin» - Amir Xon Muttaqiy AQShni Afg‘onistonning muzlatilgan pullarini qaytarishga chaqirdi

Toshkentda davom etayotgan xalqaro konferensiyada «Tolibon» tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy Afg‘oniston o‘z bo‘yniga olgan barcha va’dalarni bajarayotganini ma’lum qildi. Endi AQShni ham va’dalarini bajarib, muzlatilgan pullarni qaytarishga chaqirdi. 

Foto: Kun.uz

«O‘zbekistonga taklif qilgani va tashkil qilgani uchun rahmat. O‘zbekiston va afg‘on xalqlari o‘rtasida tarixiy va diniy aloqalar mavjud.

11 oy davomida - qisqa muddat ichida mamlakatda xavfsizlikni ta’minlay oldik va barcha davlat organlari faoliyati, xodimlarini saqlab qoldi, aholiga asosiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Korrupsiyani deyarli nolga tushirdik.

  • Siyosiy va harbiy dushmanlarning barchasiga amnistiya e’lon qilindi;
  • Afg‘oniston tarixida ilk bor tolerantlik siyosati e’lon qilindi;
  • Hech kim siyosiy ideologiyalari uchun ishdan olinmadi;
  • Hozir bizda Mudofaa va IIV vazirliklari juda yaxshi ishlayapti. Biz ularga ko‘plab yoshlarni ishga oldik.

Biz bu kuch tuzilmalarimizni xalqimizga yoki qo‘shnilarimizga qarshi ishlatmadik.

Barcha tashqariga chiqib ketgan vatandoshlarni chaqiramiz, Afg‘oniston barcha afg‘onlarning yurti.

20 yillik urush va AQSh sanksiyalari kambag‘allikning asosiy sababi, bundan oddiy xalq jabr chekmoqda.

Uzoq vaqtdan so‘ng biz barcha universitetlar va maktablarni ochdik.

Hozir bizda deyarli 10 million o‘quvchilar maktablarda o‘qimoqda.

Ayollarga sharoit bor joyda ular ishlayapti, sharoit yo‘q joyda ular uydan ishlayapti. Biz ularga sharoit qilgunga qadar uydan ishlagani uchun pul to‘lab turibmiz.

Afg‘oniston mintaqalar o‘rtasida savdo hamkorligida xalqaro hab bo‘lishi uchun harakat ketmoqda. Janubiy va Markaziy Osiyoni bog‘lash uchun eng qisqa yo‘l.

Afg‘oniston islom amirligi hududidan boshqa davlatlarga tahdid qilinmaydi, bunga va’da berdik va qildik.

Biz barcha va’dalarimizni bajardik. Endi AQSh ham barcha va’dalarini bajarishini so‘raymiz.

Biz barcha davlatlar bilan o‘zaro hurmat asosida aloqalar o‘rnatishga tayyormiz.

Biz AQShni hech qanday shartlarsiz muzlatilgan pullarni qaytarishga chaqiramiz. Shuningdek, barcha davlatlarni mamlakatga investitsiya kiritishga chaqirib qolamiz.

Hozir 500 minglab eski tuzum xodimlari o‘z ishlarida ishlamoqda, chetga chiqib ketganlar ham qaytib kelmoqda.

Oldin hamma joyda qanday qilib otishmalarni to‘xtatish haqida gapirilgan bo‘lsa, bu ilk bor iqtisodiy rivojlanish haqida. Buning uchun O‘zbekiston tomoni, xususan Komilov va Ergashevlarga minnatdorchilik bildiraman», - deya Muttaqiyning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid