Jahon | 12:14 / 29.07.2022
5980
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Prigojin va «trollar fabrikasi» haqidagi ma’lumot uchun mukofot e’lon qildi

AQSh Davlat departamenti Shtatlardagi saylovlariga aralashuvni aniqlashtiruvchi, birinchi navbatda, Yevgeniy Prigojin va unga aloqador kompaniyalar haqida axborot taqdim etuvchi ma’lumot uchun 10 mln dollar taklif qildi.

Yevgeniy Prigojin / Foto: Getty Images

«Adolat uchun mukofot» (RFJ) dasturi doirasida AQSh Davlat departamenti Rossiyaning Amerikadagi saylovlarga aralashuvi haqidagi ma’lumot uchun mukofot e’lon qildi. Bu haqda 28 iyul, payshanba kuni idora saytida xabar berildi.

Saylovga aralashishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etgan xorijiy jismoniy yoxud yuridik shaxslarning shaxsini yoki joyini aniqlash imkonini beruvchi, shuningdek, bunday aralashuvning oldini olishga imkon beruvchi ma’lumotlar uchun 10 million dollargacha mukofot belgilandi. 

AQSh tashqi siyosat idorasi qiziqayotgan shaxslar ro‘yxatiga OAV «Putin oshpazi» deb ataydigan rossiyalik tadbirkor Yevgeniy Prigojin, shuningdek, «Internet-tadqiqotlar agentligi» (IRA) MChJ kiradi. Ushbu tashkilot biznesmen bilan bog‘liq deb ko‘riladi hamda «trollar fabrikasi» deb ataladi. 

Davlat departamenti xabarida IRA 2014 yildan buyon «nifoq solish maqsadida» AQSh saylovlariga aralashish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirayotgan tashkilot sifatida tavsiflanadi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, IRA boshqa bir qancha rus kompaniyalari orqali ishlagan va unga Prigojin tomonidan boshqariladigan «Konkord Menedjment i Konsalting» MChJ hamda Concord Catering tomonidan homiylik qilingan.

Prigojindan tashqari, Davlat departamenti ro‘yxatida IRA’ga aloqador deb taxmin qilingan yana bir qancha shaxslar keltirilgan: Mixail Ivanovich Bistrov, Mixail Leonidovich Burchik, Aleksandra Yurevna Krilova, Anna Vladislavovna Bogacheva, Sergey Pavlovich Polozov, Mariya Anatolevna Bovda, Robert Sergeyevich Bovda, Jayxun Nasimiy o‘g‘li Aslanov, Vadim Vladimirovich Podkopayev, Gleb Igorevich Vasilchenko, Irina Viktorovna Kaverzina va Vladimir Venkov. Ulardan ba’zilari FQB tomonidan ham qidirilmoqda. 

Bu Davlat departamenti saylovlarga aralashganlik haqidagi ma’lumot uchun mukofot taklif qilayotgan birinchi holat emas - idora iyul oyi boshida ham shunday e’lon qilgan, biroq o‘sha paytda u shaxslarning bunday aniq doirasini hisobga olmagan hamda aniq ismlarni ko‘rsatmagandi.

Shunga qaramay, Amerika rasmiylari Prigojinni bir necha bor bunday firibgarliklar uchun javobgar deb atagan, 2022 yil boshida esa Jozef Bayden ma’muriyati nemis aeroportlaridan birida joylashgan Hawker 800 XP xususiy samolyotini musodara qilish talabi bilan Germaniya hukumatiga murojaat qilgandi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, u Prigojinga aloqador bo‘lgan.

Biznesmenga, shuningdek, AQSh va Yevroittifoqning sanksiyalar ro‘yxatida bo‘lgani uchun YeI va Shtatlarda aktivlarga ega bo‘lishi taqiqlangan. Bundan tashqari, Yevroparlament «Vagner xususiy harbiy kompaniyasi» (Vagner XHK)ni u bilan bog‘laydi. Prigojin Yevropa adliya sudida sanksiya qo‘llanilishiga e’tiroz bildirmoqchi bo‘ldi, ammo mag‘lubiyatga uchradi. Shu bilan birga, Rossiya sudlarida «Putin oshpazi» g‘alaba qozonyapti - tadbirkor ko‘pincha rossiyalik muxolifatchilar va OAVni o‘ziga tuhmat qilishda ayblaydi. 

Mavzuga oid