Rossiya tomoni versiyasi
Rossiya mudofaa vazirligi ertalabki hisobotida Olenivkadagi ukrain harbiy asirlari, shu jumladan «Azov» polki jangchilari saqlangan tergov izolyatoriga go‘yoki Amerika tomonidan yetkazib berilgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi orqali zarba yo‘llanganini ma’lum qildi.
«Ukrain harbiy asirlaridan 40 kishi halok bo‘lgan va 75 kishi yaralangan. Bundan tashqari, izolyator xodimlaridan sakkiz nafari turli darajada tan jarohat olishgan», deyiladi bayonotda. Undan oldinroq bu zarba haqida «DXR» vakillari xabar qilishgandi.
Shundan so‘ng «Rossiya 24» davlat telekanali koloniyaning vayron bo‘lgan korpusi tasvirlarini namoyish etdi. Kadrlarda tom qulab tushgani va ikki qavatli temir karavotlar majaqlanib ketgani aks etgan.

VGTRK xodimi Andrey Rudenko o‘z telegram-kanalida yonib va parchalanib ketgan jasad qoldiqlari aks etgan videoni joylashtirdi.
Ukraina tomoni versiyasi
Ukraina tomoni bir necha soat davomida bu borada izoh bermay turdi. Keyin Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi bayonoti paydo bo‘ldi.
Shtabdagilar, o‘z navbatida, rossiyalik harbiylar ukrain harbiylari saqlanayotgan koloniyani nishonga olgan holda artilleriya zarbalari bergani, bundan maqsad Ukrainani harbiy jinoyat sodir etishda ayblash, shuningdek koloniya hududida sodir etilgan harbiy asirlarga qiynoq qo‘llash va ularni o‘ldirish bilan bog‘liq holatlar izini yo‘qotish ekanini ma’lum qildi.
Press-relizda Ukraina qurolli kuchlari fuqarolik infratuzilmalariga, ayniqsa harbiy asirlar saqlanayotgan joylarga zarba bermasligi qayd etilgan. Bosh shtab Olenivka hududiga ukrain harbiylari tomonidan artilleriya zarbalari yo‘llanmaganini ta’kidlagan.
Ukraina harbiylari qurbonlar soni bo‘yicha izoh bermagan.
Rasmiy bayonotdan biroz oldinroq «Ukrainskaya pravda» nashri razvedkadagi manbasiga asoslangan holda Olenivka yo‘nalishida artilleriya zarbalari qayd etilgani, ammo bu ukrainlar emas, rossiyalik harbiylar tomonidan amalga oshirilgani haqida yozgandi.
Nashrning yana bir suhbatdoshi bir necha kun muqaddam sanoat zonasiga - aynan 29 iyul kuni zarba berilgan barakka o‘tkazilgani haqida aytgan.
«Bu «Azov» jangchilari joylashtirilgan barak bo‘lgan. Ularni bugungi zarba berilishidan bir necha kun oldin shu yerga olib o‘tishgan, biz nega bunday qilinganini tushunmay turgandik», degan manba.
















