O‘zbekiston | 07:54 / 30.07.2022
7658
2 daqiqa o‘qiladi

Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 71,2 foizga yetkazildi

Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 71,2 foizga, oqova suv xizmati 17,5 foizga yetkazildi. Bu haqda AOKAda «O‘zsuvta’minot» AJ raisi o‘rinbosari va mutasaddilari ishtirokida shu mavzuda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Foto: Kun.uz

Joriy yilning I yarim yilligida respublika budjeti hisobidan (930,8 mlrd so‘m) jami 1779,9 km ichimlik va 74,8 km oqova suv tarmoqlari, 121 ta inshootni qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi, 69 ta obektda qurilish-montaj ishlari yakunlandi.

Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan (108,3 mln dollar) jami 119,2 km ichimlik va 33,9 km oqova suv tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi, 4 ta suv taqsimlash inshooti qurildi va 5 ta suv taqsimlash inshooti rekonstruksiya qilindi. 

2022 yilda «O‘zsuvta’minot» AJ tomonidan xalqaro moliya institutlari ishtirokida 20 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki hamda Saudiya taraqqiyot va OPeK jamg‘armalarining 1 mlrd 861 mln dollar qarz mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Joriy yil yakuniga qadar 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘lar doirasida 527 ta inshoot, 5,5 ming km ichimlik hamda oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, xalqaro moliya institutlarining 245,1 mln dollar miqdoridagi mablag‘lari hisobidan 1,6 million aholini ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlash, 3,4 million aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash va shu tariqa markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 74,2 foizga, oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik ko‘rsatkichini esa 18 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid