Iqtisodiyot | 18:00 / 04.08.2022
31209
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha 6-yig‘ilishga tayyorgarlikni yil oxirigacha yakunlamoqchi

Joriy yil 2 avgust kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev raisligida Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

Tadbir davomida ta’kidlanishicha, ishchi guruh 5-yig‘ilishi doirasida ko‘p tomonlama va ikki tomonlama muzokaralar davomida JSTga a’zo davlatlarga mamlakat tashqi savdo rejimi haqidagi barcha savollarga to‘liq javoblar taqdim etildi. Muzokaralar natijalariga asosan, amaliyotga muvofiq, iyul oyi oxirida JSTga a’zo davlatlar tomonidan qo‘shimcha yozma savollar yuborildi.

JSTga a’zo bo‘lish doirasida faol ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish, alohida qo‘shimcha hujjatlarni tayyorlash va taqdim etish kabi joriy yil oxirigacha amalga oshiriladigan asosiy vazifalar belgilandi.

O‘zbekiston bo‘yicha ishchi guruh navbatdagi, 6-yig‘ilishini joriy yil oxirigacha o‘tkazish uchun respublika JST kotibiyatiga tashkilotga a’zo davlatlar qo‘shimcha savollariga javoblar hamda so‘rovlarga muvofiq texnik jihatdan tartibga solish, intellektual mulk va boshqa yo‘nalishlarga oid yangilangan hujjatlarni taqdim etish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda respublikaning JSTga qo‘shilishi bo‘yicha navbatdagi muzokaralarni samarali va sifatli tashkil etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, a’zo bo‘lish joriy holatini tahlil qilish bo‘yicha haftalik ishchi muhokamalar o‘tkazishga qaror qilindi.

Mavzuga oid