Sport | 18:03 / 05.08.2022
19699
2 daqiqa o‘qiladi

Diyora Keldiyorova – ikki karra Osiyo chempioni

So‘nggi ikki yilda dzyudo bo‘yicha ikki karra “Katta dubulg‘a” turnirlari chempioni bo‘lgan Diyora Keldiyorova Osiyo chempionatlaridagi oltin medallari sonini ham ikkitaga yetkazdi. U finalda amaldagi jahon chempioni, yaponiyalik Ai Shishimeni 1 daqiqadayoq mag‘lubiyatga uchratdi.

Foto: Xalqaro dzyudo federatsiyasi

4 avgust kuni Qozog‘istonda boshlangan dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionatining ilk kunida uch nafar o‘zbekistonlik shohsupaga ko‘tarildi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, -52 kg vazn toifasida Diyora Keldiyorova barcha raqibalarini, xususan, finalda amaldagi jahon chempioni yaponiyalik Ai Shishimeni 1 daqiqadayoq mag‘lubiyatga uchratib, ikkinchi bor Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, -66 kg vazn toifasida Muhriddin Tilovov va -57 kgda kurashgan Nilufar Ermagambetova bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.

Ma’lumot uchun, Diyora 2019 yili BAAda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida ham oltin, 2021 yilgi qit’a birinchiligida esa bronza medalga sazovor bo‘lgan.

Samarqandlik dzyudochi 2021 yilda “Katta dubulg‘a” turniri g‘olibi bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik ayol dzyudochiga aylandi. U 2022 yil iyunida ham bu muvaffaqiyatini takrorlab, turnirning ikki karra chempioni bo‘ldi.

Keldiyorova undan avvalroq Neapoldagi yozgi universiada va Uhandagi Butunjahon harbiy o‘yinlarida bronza medallarini qo‘lga kiritgan.

Mavzuga oid