O‘zbekiston | 17:04 / 09.08.2022
33540
2 daqiqa o‘qiladi

Asalhoney'ning qotili 16,5 yilga qamaldi

Asalhoney nomi bilan tanilgan Asal Xo‘jayevaning o‘limiga oid jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi chiqarildi.

Foto: Pixabay

Bugun, 2022 yil 9 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida sudlanuvchi K.Sh.ga (1997 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan) nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetib, sud hukmi e’lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi raisi T. Obidov raisligida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, K.Sh. Jinoyat kodeksi 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “i” bandi va 164-moddasi (bosqinchilik) 3-qismi “v”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksi 59-moddasiga asosan tayinlangan asosiy jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 16,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jinoyat ishi bo‘yicha “Ipak Yo‘li” OAITB Chilonzor filialida saqlanayotgan 10 269 000 so‘m jabrlanuvchi qonuniy vakiliga qaytarilishi va sudlanuvchidan qonuniy vakil foydasiga 20 849 899 so‘m qoplanmagan zarar undirilishi belgilandi. 

2022 yil 18 mart kuni Instagram'da Asalhoney nomi bilan tanilgan bloger Asal Xo‘jayevaning jasadi o‘z xonadonidan topilgan edi. 

Bloger jasadi topilganidan 1-3 kun oldin o‘ldirilgan. Qotil Asalhoney bilan internetda tanishib, telefon qilganida bloger uni haqorat qilgan. Shundan keyin qotil Instagram orqali Asalhoney'ning uy manzilini aniqlagan. Keyin uyga borib, eshikni taqillatgan, eshikni ochgan blogerning qorniga pichoq urgan.

Qotil yerga yiqilgan Asalhoney'ni bo‘g‘ib o‘ldirgan. Keyin uyidagi 31 million so‘mlik boyliklarini qo‘lga kiritgan. Yetmaganiga blogerning kartasidagi 1 million so‘mni onlayn qimor o‘yinlariga tikib yuborgan. Shundan keyin tongda uyni tark etgan.

Mavzuga oid