Jahon | 08:31 / 11.08.2022
6277
2 daqiqa o‘qiladi

«Drujba» quvuri orqali Yevropaga neft tranziti tiklandi

Slovakiya va Vengriya neft konsernlari Ukraina orqali tranzit uchun to‘lov to‘lagan. Rossiya g‘arb sanksiyalari tufayli to‘lovni to‘lay olmadi.

Foto: Reuters

«Drujba» neft quvurining janubiy tarmog‘i orqali Rossiya neftini Yevropaga yetkazib berish tiklandi. «Drujba» quvuri yana Slovakiyaga neft yetkazib bermoqda, katta ehtimol bilan ertaga Vengriyaga yetkazib berish qayta boshlanadi», dedi 10 avgust, chorshanba kuni Slovakiyaning Slovnaft neft kompaniyasi vakili.

Vakil so‘zlariga ko‘ra, Slovnaft va Vengriyaning MOL konserni Rossiya neftining Ukraina hududi orqali tranziti uchun to‘lovlarni to‘lashni taklif qilgan, bu taklif ham Ukraina, ham Rossiya tomonidan qabul qilingan. MOL konserni avgust oyi uchun tranzit to‘lovi to‘langanini e’lon qildi. 

Kecha Rossiyaning «Transneft» operatori «Drujba» quvuri orqali neft tranziti Rossiyaning Ukrainaga qurolli bostirib kirishi fonida g‘arb tomonidan kiritilgan sanksiyalar tufayli Rossiya tegishli to‘lovni to‘lamagani uchun 4 avgust kuni to‘xtatilganini e’lon qildi. 

«Drujba» neft quvuri Samaradan Belarus hududiga o‘tadi, u yerda ikki tarmoqqa bo‘lingan. Shimoliy qismi Polsha, Germaniya, Latviya va Litva orqali o‘tadi. Janubda - Ukraina orqali neft Chexiya, Slovakiya va Vengriyaga keladi. 4 avgust kuni «Ukrtransnafta» «Drujba»ning janubiy tarmog‘i orqali neftni haydashni to‘xtatdi. 

May oyi oxirida Yevroittifoq Rossiya nefti importiga qisman embargo qo‘yishni ma’qulladi. Shu bilan birga, neftni «Drujba»ning janubiy tarmog‘i orqali Vengriya, Chexiya va Slovakiyaga yetkazib berish uchun yengillik mavjud.

Mavzuga oid