Rimni zabt etish hech qachon oson bo‘lmagan. Bir paytlar «Roma»ning sobiq bosh murabbiyi Rudi Garsiya shaharda faqat uchta qirol bo‘lganini aytgan edi: Rim papasi, mafiya va Franchesko Totti. Joze Mourino esa to‘rtinchi bo‘lish uchun barcha imkoniyatlarga ega.

Bir yil davomida u shaharning qizil yarmini aqldan ozdirdi, deb yozmoqda Goal nashri. Uning A Seriyadagi ilk mavsumi hakamlar va raqiblarga bir qator jirkanch hujumlar uyushtirgani, «Roma»ning maydondagi taraqqiyoti, Yevropadagi ilk kubogi bilan yodda qoldi.

Balki bu endigina tashkil etilgan Konferensiyalar Ligasi deyish mumkin. Lekin bu Mourino uchun juda ko‘p narsani anglatardi – u yarimfinalda «Lester» ustidan g‘alaba qozongach, ko‘zyoshlarini tiyib turolmadi. Finaldagi g‘alabani esa yangi tatuirovka bilan nishonladi.