Qarshi shahrida terini qayta ishlash korxonasidan chiqayotgan noxush hid sabab korxona yaqinida yashovchi erkak o‘ziga o‘t qo‘ydi. Kun.uz muxbiri voqeaga sabab bo‘lgan omillar va erkakning hozirgi holatini bilish maqsadida Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi.

Alisher Rahmonov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga olib kelingan, ayni vaqtda shifoxonaning jonlantirish bo‘limida.

U biz bilan suhbatda to o‘ziga o‘t qo‘yguncha bo‘lgan jarayonda korxona faoliyatidan noroziligini bildirib, ko‘plab tashkilotlarga murojaat qilgani, biroq natija bo‘lmaganini aytdi.

Rahmonovning aytishicha, u «Qarshi Leather» MChJ rahbarlari bilan bir necha marotaba suhbatlashishga harakat qilgan, biroq unga qo‘pol muomala qilishgan. Vaziyatni o‘rganish uchun kelgan mas’ul tashkilotlarni ham ko‘pincha eshikdan kirgizishmagan. Masala shu darajaga borib yetganki, arz va shikoyatlari sabab korxona rahbari Rahmonovni qamatib yuborish bilan bosim o‘tkazganini aytmoqda.

Alisher Rahmonov garchi tirik qolgan bo‘lsa-da, o‘ziga o‘t qo‘yganidan afsusda ekanini bildirdi. Uch nafar yosh bolasi borligi, ularning holati, dori-darmonlar va shifoxonadan chiqqandan so‘ng ham bir umrga og‘ir asoratlar saqlanib qolishidan xavotirda ekanini ma’lum qildi.

Bemorning turmush o‘rtog‘i Manzura Rahmonova ham o‘sha kuni uning yonida bo‘lgan. Ayol erining o‘ziga o‘t qo‘yish niyati borligidan bexabar bo‘lganini bildirdi.

Rahmonova ham erining gaplarini tasdiqlab, noxush hid sababli uylariga mehmon kelmasligi, farzandlarida allergik kasallik borligi va tarqalayotgan qo‘lansa hid ularning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qilayotganini aytdi.

Navbatchi shifokor Mirjahon Qambarov bemorning tanasi 45-50 foizga kuyganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Rahmonov 15 avgust kuni olib kelingan vaqtda ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lgan. Muolajalar bemorga qanday ta’sir qilishiga qarab, o‘rtacha 7-10 kun davomida u jonlantirish bo‘limida qoladi.