Sport | 10:44 / 20.08.2022
15555
7 daqiqa o‘qiladi

Gleyzerlar sahnadan tushadimi? Milliarder Jim Retkliff «MYu»ni sotib olishga tayyor

Britaniyalik milliarder Jim Retkliff «Manchester Yunayted»ni sotib olishni istayapti. Ammo buning uchun muxlislar orasida mashhur bo‘lmagan Gleyzerlar oilasi klubdan voz kechishi kerak.

«Manchester Yunayted»ning narxi qancha?

Yirik sport xaridlari bilan tanish bo‘lgan manbalarning ta’kidlashicha, klubni sotib olish uchun taxminan 6 milliard funt sterling (7,2 milliard dollar) kerak bo‘ladi.

May oyida «Chelsi» klubi Todd Boeli va Clearlake Capital tomonidan 2,5 milliard funt sterlingga (3,2 milliard dollar) sotib olingan edi. Roman Abramovich bilan kelishuvga ko‘ra, amerikaliklar 10 yil davomida klubga 1,75 milliard funt sterling (2,1 milliard dollar) investitsiya kiritish majburiyatini ham olishdi. Ammo bitim Abramovich sanksiyalar ostiga tushganidan so‘ng, bosim ostida, juda tez amalga oshirildi.

«Manchester Yunayted» sezilarli darajada kattaroq stadionga ega ekani va jahon sportida tijoriy jihatdan eng muvaffaqiyatli klublardan biri bo‘lgani sababli, Gleyzerlar oilasi ancha yuqori narxni talab qilishi mumkin.

Gleyzerlar oilasi vakillari

Nima uchun Gleyzerlar mashhur emas?

Dushanba kuni «Old Trafford»da, «Manchester Yunayted» - «Liverpul» o‘yinidan oldin, muxlislar klub xo‘jayinlariga qarshi navbatdagi norozilik namoyishini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. 2021 yil may oyida ham shunday tadbir o‘tkazilgan va namoyishchilar maydonga tushib, kiyim almashtirish xonasiga kirishga uringan, xavfli muhit yaratgani uchun raqiblar o‘rtasidagi o‘yin qoldirilgan edi.

Gleyzerlar oilasi 2003 yildan buyon «Manchester Yunayted» aksiyalariga egalik qiladi, 2005 yil iyun oyida ular klubni to‘liq nazorat qila boshladilar. Qayd qilish joizki, Gleyzerlar «qizil iblislar»ni sotib olish uchun qarz olishgan va shundan beri moliyaviy ahvoli noaniq bo‘lib turibdi.

Klubning egalari va muxlislar o‘rtasidagi qarama-qarshilik uzoq tarixga ega. Fanatlarga tushunarsiz transfer siyosati, murabbiylarni tayinlash bilan bog‘liq mojarolar, shuningdek, ichki va xalqaro arenalarda natijalarning pasayib ketgani yoqmaydi. Ular ushbu muammolarning asl sababchisi Gleyzerlar oilasi deb hisoblashadi. Yaqinda amerikalik tadbirkorlarning yangi tuzilayotgan Superligaga qo‘shilish haqidagi qarori muxlislar tomonidan tanqid ostiga olingan edi. Endi esa «Manchester Yunayted» 1992 yildan beri ilk marotaba turnir jadvalining eng quyi pog‘onasiga tushdi. Bu esa ziddiyatni yanada keskinlashtirdi.

«Manchester Yunayted» fanatlari Gleyzerlar ketishini talab qilmoqda

Ser Jim Retkliff kim?

Retkliff kimyo giganti INEOS kompaniyasi egasidir va uning boyligi taxminan 13 milliard funt sterlingga (15,7 milliard dollar) baholanmoqda. U «Manchester Yunayted»ga butun umri davomida muxlislik qilyapti.

Britaniya matbuotining yozishicha, Retkliff «Manchester Yunayted»ni Gleyzerlardan sotib olishni maqsad qilgan. Hozirda u Fransiyaning «Nitssa» klubiga egalik qiladi. Avvalroq, «Chelsi»ni sotib olishga ham uringan, ammo hujjatlarni o‘z vaqtida topshira olmagan edi.

Jim Retkliff

Qiziqish jiddiymi?

Retkliffga yaqin manbalar avvalroq uning Premer-Liga klubini sotib olishga unchalik qiziqmayotganini da’vo qilgandi. Ammo «Chelsi»ni sotib olishga urinishi fikrlari o‘zgarganini anglatadi. Endi u «Manchester Yunayted» muxlisi sifatida klub xaridorlaridan biriga aylanishi tabiiy hol.

Gleyzerlar klubni sotadimi?

Bu asosiy savol bo‘lib qolmoqda. «Manchester Yunayted»ning rasmiy pozitsiyasi klub sotilmasligi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Lekin Gleyzerlarning daromadi so‘nggi 10 yillikda eng past darajaga tushgan, xarajatlar esa oshib bormoqda. Avvalroq, Saudiya Arabistoni kompaniyalaridan biri «Manchester Yunayted»ni sotib olishi, oila esa ularning taklifini ko‘rib chiqmoqchi ekani haqida mish-mishlar tarqalgan edi.

2 turdan so‘ng klub Premer-Liga jadvalining so‘nggi pog‘onasiga tushdi. Vaziyatni o‘nglash uchun bosh murabbiy Erik ten Hag mushkul ahvolda qolgan.

Bu mavsumda kuchli to‘rtlikka kirish uchun katta ehtimol bilan transferlarga yana 150 million funt sterling (180 million dollar) sarflash talab qilinadi. Kelajakda «Manchester Siti» va «Liverpul» orasidagi farqni yo‘qotish uchun esa bundan ham ko‘proq.

Avvalroq, Gleyzerlar «Old Trafford» uchun juda zarur bo‘lgan qayta qurish ishlarini amalga oshirish niyatini e’lon qilishgan edi. Bu esa qarzga botgan kompaniya uchun yana bir jiddiy moliyaviy majburiyatni yuzaga keltiradi.

Chempionlar Ligasida ishtirok etmaslik esa klubni katta miqdordagi daromaddan quruq qoldirmoqda. Bunday sharoitda rejalarni qanday moliyalashtirilishi savollarni keltirib chiqaradi.

Yana kimlar «Manchester Yunayted»ni sotib olishi mumkin?

Tadbirkor Maykl Nayton allaqachon klubni sotib olish uchun konsorsium tuzish va investorlarni jalb qilish niyati borligini e’lon qildi. 1989 yilda u «Manchester Yunayted»ni 10 million funtga sotib olmoqchi bo‘lgani bilan tanilgan va shundan beri bu urinishlarini to‘xtatmagan. Ammo hozirda klub kamida 5 milliard funt sterlingga (6 millard dollarga) baholanmoqda.

«Chelsi» investorlar tomonidan dunyoning eng mashhur ligasidagi eng yirik klublardan birini sotib olish uchun kamdan-kam imkoniyat sifatida ko‘rildi. «Manchester Yunayted» esa xalqaro brend kuchiga ega bo‘lgani uchun yanada qimmatli aktiv sifatida qaralmoqda.

Amerikaning «Chikago Kabs» klubiga egalik qiluvchi Riketslar oilasi, «Nyu-York Jyets» xo‘jayini Vudi Jonson va «Boston Seltiks» egasi Stiv Palyuka «Chelsi»ni sotib olishga urinib ko‘rishgan edi. Endi ular nigohini «qizil iblislar»ga qaratsa ajab emas.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid