AQSh RFning Ukraina infratuzilmasiga zarba berish rejalari haqida ma’lum qildi
AQSh Davlat departamenti Ukrainadagi amerikaliklarni yaqin kunlarda fuqarolik infratuzilmasiga hujum xavfi tufayli bu mamlakatni tark etishga chaqirdi. AQSh razvedka idoralari tahdid haqida ma’lumot olgan.
AQSh Davlat departamenti Ukrainadagi amerikaliklarni RF qo‘shinlari tomonidan fuqarolik infratuzilmasini o‘qqa tutish xavfi tufayli bu mamlakatni tark etishga chaqirdi. «Davlat departamenti Rossiya yaqin kunlarda Ukraina fuqarolik infratuzilmasi va davlat obektlariga zarba berish sa’y-harakatlarini kuchaytirayotgani haqida ma’lumotga ega. Rossiyaning Ukrainadagi zarbalari tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga doimiy tahdid solmoqda. AQSh elchixonasi AQSh fuqarolarini Ukrainani tark etishga chaqiradi, ular buni hozir, agar xavfsiz bo‘lsa, shaxsiy yerusti transport vositalaridan foydalangan holda qilishlari darkor», — deyiladi 23 avgust, seshanba kuni AQShning Ukrainadagi elchixonasi saytida e’lon qilingan bayonotda.
Bundan tashqari, AQSh tashqi siyosat idorasi hujum sodir bo‘lgan taqdirda bir qator tavsiyalarni e’lon qildi. «Agar siz kuchli portlash yoki sirena ovozini eshitsangiz, darhol boshpana qidiring. Agar uyda yoki binoda bo‘lsangiz, tashqi devorlari, derazalari eng kam bo‘lgan eng past darajaga o‘ting; barcha eshiklarni yoping va ichki devor yaqinida, derazalardan uzoqroqda o‘tiring», - deya yozilgan hujjatda.
Davlat departamenti, shuningdek, «Ukraina bo‘ylab xavfsizlikka doir o‘ta beqaror vaziyat»ga e’tibor qaratdi, u «ogohlantirishlarsiz ham yomonlashishi mumkin». Idora AQSh fuqarolarini «hushyor bo‘lishga va xavfsizlik bo‘yicha xabardorlikni ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rishga» chaqirdi.
Avvalroq Reuters agentligi va The New York Times gazetasi AQSh Rossiyaning yaqin vaqt ichida Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmasi va davlat obektlariga yangi zarbalar berish rejalari haqida razvedka ma’lumotlariga ega ekanini ma’lum qilgandi. «Biz Rossiya yaqin kunlarda Ukrainaning fuqarolik infratuzilmasi va davlat muassasalariga zarba berish sa’y-harakatlarini faollashtirishi haqida ma’lumotlarga egamiz. RFning Ukrainada qilgan ishlarini hisobga olsak, Rossiya zarbalari tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga tahdid solayotganidan xavotirdamiz», — deya ma’lum qildi Amerika hukumati rasmiysi.
AQSh ma’muriyati ushbu ma’lumotni iloji boricha kengroq auditoriyaga yetkazish uchun Amerika razvedka xizmatlarining ogohlantirishini oshkor qilganini ta’kidladi.
23 avgustda Ukrainada Davlat bayrog‘i kuni, 24 avgustda esa Mustaqillik kuni nishonlanadi. Ukraina Mustaqilligi kunida RFning ehtimoliy provokatsiyalari haqida 22 avgust kuni prezident Volodimir Zelenskiy ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bir qancha dunyo yetakchilarini, xususan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishni ogohlantirgan. Zelenskiyning ta’kidlashicha, u xabardor qilgan rahbarlar «bosqinchilar nima qilayotganini va bu nima bilan tahdid solayotganini tushundi, ular Ukraina bunga toqat qilmasligini biladi».
Mavzuga oid
22:03 / 12.11.2024
AQSh hukumati NUJ bo‘yicha ba’zi ma’lumotlarni oshkor qilishi mumkin
21:13 / 12.11.2024
Sudjaliklar yana bir bor o‘z yaqinlari evakuatsiyasi uchun gumanitar yo‘lak so‘radi
20:43 / 12.11.2024
NATO bosh kotibi Ukrainadagi mojaro «trayektoriyasini» o‘zgartirishga chaqirdi
16:55 / 12.11.2024