Jamiyat | 14:12 / 26.08.2022
16862
3 daqiqa o‘qiladi

“Otamsiz yashash qiyin”: 17 yoshida hayot zarbalariga duch kelgan qiz nolasi

Sirdaryodan tahririyat eshigini topib kelgan 17 yoshli qizning dardini eshitish og‘ir. Sevinchning otasi og‘ir xasta. Unda bir emas, bir nechta – nomi odamni seskantiradigan kasalliklar aniqlangan. Ammo sog‘ayish uchun uy-joyi, bor-budini sotgan oila a’zolarining umidlari so‘ngani yo‘q.

“Hozir dadam Hindistonda. O‘zbekistonda unga oqqon va jigar sirrozi tashxislari qo‘yilgan edi. Xorijga borishganda esa qizilo‘ngach raki ham aniqlandi. Hozir uchta bir biridan og‘ir kasal bilan kurashayotgan otamning operatsiyasi uchun pulimiz yo‘qligi sababli operatsiya to‘xtab qoldi. Dadam og‘irlashib qolganlarini eshitdik. Yaxshi insonlarning yordami bilan jo‘nab ketishgandi, endi yana yordamga muhtojmiz”, - deya yig‘laydi qiz.

Uysiz qolgan oila hatto ijaraga to‘lash uchun mablag‘ yo‘qligi sabab bir muddat kasalxonada-yu, qarindoshlarnikida kun kechirishgan. Hozir esa ota-onasi xorijga ketgan uch farzand og‘ir sharoitdagi ijara uyda yashashadi. Oilaning o‘rtanchasi 15 yashar o‘smirning mardikorlik ortidan topgan puliga kun ko‘rishadi. Ammo hozir ularni qiynayotgan narsa bular emas. Otalarining musofir o‘lkada og‘ir dard iskanjasida qolayotganidan xavotir olayotgan bolalar uni yo‘qotishdan qo‘rquvda.

“Hali ukam va singlim juda yosh. Qo‘limdan duo qilishdan boshqa hech narsa kelmayapti. 15 yoshli ukam kunlik ishga chiqib oziq-ovqatimiz uchun pul topib turibdi. Biz ham qarab turmaymiz - o‘zim va singlim g‘o‘za chopishga chiqamiz, ukam yuk ortishga chiqadi.

Dadamiz ketganlariga bir oy bo‘ldi, ularni juda sog‘indik. Bizning ahvolimizni otasidan ayrilganlar yaxshi tushunishadi”, - otasiz qolishdan qo‘rquvda yashayotgan qizning nolasidan alam yog‘iladi.

Ota-onasining musofirlikda og‘ir dard bilan qolayotganidan xavotirda kelgan qizning o‘ksinishlari quvonchga aylansin. Uch farzand yetimlik azobini tortmasligi uchun befarq bo‘lmaslikning o‘zi odamiylikning yuksak belgisidir.

Bobomurod Shobirovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0423 1734 1989 turmush o‘rtog‘i Sapura Toshmatova nomida

Uzcard: 8600 0609 1435 6085 turmush o‘rtog‘i Sapura Toshmatova nomida

Manzil: Sirdaryo viloyati, Boyovut tumani, Islohot ko‘chasi 39 uy.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Tasvirchi Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid