Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Litva Belarus bilan chegarada devorni muddatidan oldin qurib bitkazdi
Besh metr balandlikdagi beton to‘siq 550 kmga cho‘zilib, Litva va Belarus o‘rtasidagi quruqlik chegarasini deyarli to‘liq qoplagan. Avvalroq Polsha Belarus bilan chegarada devor qurgan edi.
Litvada Belarus bilan chegarada devor qurilishi muddatidan oldin yakunlandi, bu ishni bajargan EPSO-G kompaniyasi tomonidan 29 avgust, dushanba kuni ma’lum qilindi. Shu kuni Litva hukumati rahbari Ingrida Shimonite qurilish ishlari yakunlanganini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlar bilan ishlash hali ham davom etmoqda va loyihani rasman tugatish uchun maxsus komissiya yig‘ilishi o‘tkazilishi kerak. Shu bilan birga, qurilish ishlari to‘liq yakunlandi, ayrim kamchiliklarni bartaraf etishdan tashqari, deya ta’kidlab o‘tdi Shimonite.
BNS xabariga ko‘ra, inshoot 550 kmga cho‘zilgan hamda Litva va Belarus hududlarini quruqlik chegarasi bo‘ylab ajratib turadigan, tikanli simli besh metrli beton panjaradan iborat. Ikki davlat o‘rtasidagi umumiy chegara 679 km bo‘lib, shundan 100 kmga yaqini daryo va ko‘llardir.
Devor qurilishi 2021 yil oktyabr oyida boshlangani haqida xabar berilgan edi, u 2022 yil sentabriga qadar yakunlanishi kutilgan. Chegara himoyasi videokuzatuv orqali kuchaytirilishi kerak edi. Loyiha ishga tushirilganda uning qiymati 152 million yevroga baholangan. Litva hukumati rasmiy Minsk qo‘zg‘atgan migratsiya inqirozidan so‘ng Belarus bilan chegarada devor qurishga qaror qildi.
O‘z navbatida, Polsha joriy yilning iyul oyida Belarus bilan chegarada devor qurilishini yakunladi – inshootning uzunligi 186 kmni tashkil etdi, bu - qo‘shma chegara uzunligining yarmidan biroz kamroq. To‘siq konstruksiyasining balandligi 5,5 metrni tashkil qiladi. Uning qurilishiga qariyb 350 million yevro sarflangan.
2021 yilda Polsha va Yevropa ittifoqi boshqa davlatlari hukumatlari Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoni inqirozli hududlardan qochqinlarni YeI tashqi chegarasiga yetkazishni tashkil qilishda aybladi. «Bu Ukraina bilan urushga tayyorgarlik edi», dedi Polsha ichki ishlar vaziri Mariush Kaminski 2022 yil iyun oyida.
Mavzuga oid
22:16 / 16.06.2026
Vatikan va «yahudiylar lobbisi» Putinni aldadi - Lukashenko
18:54 / 16.06.2026
Shavkat Mirziyoyev Belarus bosh vaziri bilan uchrashdi
10:56 / 27.05.2026
Latviya va Litva Rossiya elchilarini chaqirtirdi
22:20 / 24.05.2026