O‘zbekiston | 07:36 / 30.08.2022
3218
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Germaniya prezidentlari YeI doirasida muloqotni rivojlantirish masalasini muhokama qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan telefon orqali muloqot qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston-Germaniya hamkorligini rivojlantirish hamda mintaqaviy sheriklik dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Suhbat avvalida Germaniya prezidenti davlat rahbari va ko‘p millatli xalqni mamlakat mustaqilligi 31 yilligi bilan samimiy qutladi. 

Yetakchilar oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish natijasida ikki tomonlama munosabatlarda yuksak darajaga erishilganini qayd etdi. Joriy yil boshida o‘zaro tovar ayirboshlash 60 foizga o‘sdi. Mamlakatda Germaniyaning 200 dan ziyod yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. O‘tgan oyda Knauf, Papenburg va Falk Porsche kabi taniqli korxonalarda O‘zbekistonda o‘z yangi zavodlarini ishga tushirdi.

O‘zbekiston va Germaniya prezidentlari amaliy hamkorlik kengayishi, uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma dastur va loyihalar ilgari surilishini qo‘llab-quvvatladi.

Mintaqaviy hamkorlik, Yevropa ittifoqi doirasidagi konstruktiv muloqotni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish maqsadida faol hamkorlikni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

Mavzuga oid