Joriy yilning 4 sentabr kuni mamlakatimizning yetakchi neft konlariga xizmat ko‘rsatuvchi ERIELL Group kompaniyasi mutaxassislari O‘zbekiston neft va gaz sanoati sohasidagi barcha hamkasblari bilan birgalikda o‘zlarining asosiy kasb bayramlarini nishonladilar.
Mamlakatimiz neft va gaz sohasida asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari muttasil o‘sib bormoqda. ERIELL Group kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 martdagi qarori ijrosi doirasida 2017 yilda qabul qilingan “Uglevodorod xomashyosini qazib olishni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” loyihasini amalga oshirish jarayonida bosh pudratchi hisoblanadi. Dastur kompaniya guruhi tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJ bilan hamkorlikda, jumladan, pastdebitli quduqlarda oqimni kuchaytirish yo‘nalishida amalga oshirilmoqda.
ERIELL bir qator loyihalarning bosh pudratchisi sifatida butun O‘zbekiston bo‘ylab neft va gaz qazib oladi. Kompaniyalar guruhi “O‘zbekneftgaz” AJ, Sanoat Energetika Guruhi (SEG) MChJ XK, Surhan Gas Chemical, Natural Gas Stream QK, Gazli Gas Storage MChJ XK, Uz-Kor Gas Chemical QK MJCh cingari buyurtmachilar konlarida mehnat qiladi.
Birgina yer qa’ridan foydalanuvchi SEGda 100 dan ortiq kon mavjud bo‘lib, ularni o‘zlashtirish jarayonida ERIELL mutaxassislari nafaqat yangi quduqlarni samarali burg‘ilash, balki o‘n yillar davomida ishlamay turgan eski quduqlarni ham muvaffaqiyatli tiklaydi. Kompaniyaning neft konlariga xizmat ko‘rsatish guruhining zamonaviy texnologiyalari darajasi ularni qayta ishga tushirish va mamlakatni qo‘shimcha neft va gaz bilan ta’minlash imkonini beradi. Mahsuldor qatlamlarni izlash bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda. ERIELL Group shu yilning o‘zida buyurtmachi SEG obektlarida 2D uzunligi 1214 kilometr va 3D-500 kvadrat kilometr seysmorazvedka tadqiqotlari o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Gazli Gas Storage buyurtmachining “Gazli” yerosti gaz ombori (YeOGO)ni kengaytirish loyihasini amalga oshirishda Kompaniyaga alohida vazifa yuklatilgan. Mamlakatdagi eng yirik yerosti ombori hajmini 3 milliarddan 6 milliard kub metrgacha oshirish rejalashtirilgan. Kompaniyada bugungi kunda obektlarda yangi quduqlarni burg‘ilash uchun 6 dona burg‘ilash va yuk ko‘tarish qurilmalari ishlamoqda. ERIELL burg‘ilovchilarining «Gazli» konidagi mehnatining o‘ziga xos xususiyati quduqlarni qurish va burg‘ilash ishlarini muddatidan oldin yakunlashi hisoblanadi.

ERIELL Group mutaxassislarining tajribasi va texnologiyalari buyurtmachi Surhan Gas Chemical'ning «Mustaqillikning 25 yilligi» konini o‘zlashtirish uchun bosh pudratchi sifatida tanlanishida muhim asos bo‘ldi. Bu yerda qatlamlardagi vodorod sulfidining yuqori tarkibi (8%) va konning murakkab tog‘-geologik sharoiti kabi omillar uglevodorodlarni qazib olish vazifasini murakkablashtiradi. Innovatsiyalar va eng yaxshi xalqaro texnologiyalarni qo‘llash ERIELL'ga konlarni o‘zlashtirishda yordam beradi. Aynan shu yerda kompaniya tomonidan butun loyiha doirasida quduqlarni klasterli burg‘ilash konsepsiyasi ilk bor qo‘llangan. Va aynan shu yerda qayta-qayta kunlik kavlab borish bo‘yicha rekordlar o‘rnatilgan. «Mustaqillikning 25 yilligi» konida mamlakatda birinchi marta quyi Yura va Paleozoy yotqiziqlariga yuqori harorat va yuqori qatlam bosimi sharoitida chuqurligi 4749 m bo‘lgan quduq burg‘ilandi. Va bu har kuni to‘ldirilishi davom etayotgan noyob ishlanmalar, rekordlar, yangi uslublarning to‘liq ro‘yxati emas.

















