O‘zbekiston | 18:05 / 13.09.2022
13458
2 daqiqa o‘qiladi

Senat «Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi qonunni rad etdi 

32-yalpi majlisda muhokama qilingan ushbu qonun rad etilishiga sabablardan biri vazirliklarga qo‘yiladigan vazifalarga aniqlik kiritilmagani bo‘lgan. 

Foto: RIA Novosti

Senat navbatdagi yalpi majlisida “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, qonunda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan ko‘plab masalalar mavjud. 

Senat qonun vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushgan holda O‘zbekistondan chiqib ketayotgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomini olgan shaxslarga tenglashtirilishi va ularga nisbatan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan soliq solish va pensiya miqdorini hisoblab chiqarish tartibi qo‘llanilishi Soliq kodeksi normalariga zid ekanligiga e’tibor qaratgan. 

Shuningdek, qonunda Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi  va Davlat xavfsizlik xizmatiga tashqi mehnat migratsiyasi sohasida bir xil tusdagi vakolatlar, ya’ni noqonuniy tashqi mehnat migratsiyasiga qarshi kurashishda ishtirok etishlari nazarda tutilgan. 

O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 5 apreldagi PQ–3654-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tashqi ishlar vazirligi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq Tashqi ishlar vazirligiga noqonuniy jarayonlar va omillarga bevosita “qarshi kurashish” yoki “qarshi kurashishda ishtirok etish” kabi vazifalar yuklatilmagan. 

Bunday vakolatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar hisoblanadigan Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmatiga mansub ekanligi bois, Tashqi ishlar vazirligiga berilayotgan ushbu vakolat doirasi mavhum bo‘lib qolgan

Qonun 15 dan ortiq muhim konseptual, mazmuniy hamda tahririy tuzatishlarni talab etishi, unda bir qator yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish qoidalariga rioya qilmaslik holatlari, turli imloviy xatoliklar hamda normalar o‘zbek va rus tillaridagi matnlarida o‘zaro nomuvofiqliklar mavjudligi sababli qayta ko‘rib chiqish lozim deb topildi va rad qilindi.

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid