“Musobaqada sovg‘a uchun qatnashdingmi?”
Asakalik Ozoda Ortiqova stol tennis bo‘yicha viloyatda g‘olib chiqib, respublika bosqichida 2-o‘rinni olgan. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda aytishicha, sovg‘alarni so‘rab hokimiyatga, prokuraturaga va boshqa tashkilotlarga murojaat qilgan.
“Bir necha bora murojaat qildim. Bir haftadan keyin, uch kundan keyin, o‘n kundan keyin deb haligacha sovg‘alarimizni berishmadi. Men-ku respublikada o‘rin olib, oilamga nimadir olib kirdim. Ammo atrofimdagi bir nechta sportchilar sovg‘alarini olisholmadi”, – deydi u.

“Asaka tumani hokimining oldiga borib, medalimni ko‘rsatib, tuman sha’nini himoya qilib kelganimni, buning evaziga rag‘batlantirish tugul o‘zimga tegishli bo‘lgan sovg‘alarni berishmayotganini aytdim. Biroq hokim: “Musobaqalarda sovg‘a uchun qatnashdingmi?” deb javob qaytardi. Axir biz tuman sha’ni uchun kurashdik-ku”, – deydi Ozoda Ortiqova.
Besh tashabbus olimpiadasiga ishonch susaygan
Ismi sir qolishini so‘ragan yoshlar yetakchilaridan biri mazkur musobaqaning ikkinchi bosqichida ishtirok etish istagidagi yoshlarning ishonchi susayganini aytadi.
“G‘oliblarga sovg‘alar vaqtida berilmagach, ularning ishtirok etish ishtiyoqi ham susaydi. Musobaqalarda asosan uyushmagan yoshlar qatnashgan edi. Farzandi kichik bo‘lsa-da, borib qatnashgan ayollarimiz bor edi. Ular ham oilasiga quruq qo‘l bilan kirishgan. Endi musobaqalarda ishtirok etinglar deb aytgani ham uyalyapmiz”, deydi yoshlar yetakchisi.

“Bugunoq egalariga yetkaziladi”
Surishtiruvimiz ortidan bugun, 14 sentabr kuni viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Elyorbek Xolmirzayev g‘oliblarga sovg‘alar tayyorligi, “bugunoq egalariga yetkazilishi”ni aytdi.
“Sovg‘alar tayyor, omborda turibdi. Biz viloyatda katta tadbir qilib bermoqchi edik. Sportchilarni bir joyga jamlash imkoni bo‘lmadi. Shuning uchun sovg‘alar vaqtida egalariga yetkazilmasdan qoldi. Bugundan qolmasdan tumanlar orqali sovg‘alar egalariga yetkaziladi”, – dedi Elyorbek Xolmirzayev.








