Prezident tomonidan “Energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon imzolandi.
2022 yil 1 oktyabrdan boshlab:
- jismoniy shaxslar mamlakatda ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyalari va quyosh suv isitgichlarini 3 yil mobaynida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olishi mumkin;
- shunga o‘xshash qurilmalarni o‘rnatgan va ular qiymatini to‘liq to‘lagan shaxslar xarajatlari bir qismi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. Kompensatsiya miqdori qurilma quvvatidan kelib chiqqan holda BHM 5 baravaridan 50 baravarini tashkil etadi.
Ushbu maqsadlar uchun 2022 yil yakuniga qadar davlat budjetidan jamg‘armaga 100 mlrd so‘m yo‘naltirish topshirilgan. Mahalliy ishlab chiqaruvchilardan, mahalliy chakana savdo obektlarida, elektron tijorat orqali qurilmalarni yetkazib beradigan va o‘rnatadigan korxonalardan qurilmalar sotib olinganida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi yoki yakuniy chakana narxdan kompensatsiya miqdori chegirib tashlanadi.
Shuningdek:
- hududlardagi 34 mingdan ortiq obektlarda, shu jumladan 619 Yangi O‘zbekiston massivlarida va viloyatlardagi 28 mingdan ortiq uy xo‘jaliklarida muqobil energiya manbalarini joriy yetish;
- vazirliklar va idoralar tarkibidagi 6 mingdan ortiq obektlarda muqobil energiya manbalari ulushini 30 foizga yetkazish (2023 yil yakunlari bo‘yicha);
- “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni mahalliy budjetlar hisobidan qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari bilan ta’minlash (2022 yilda ehtiyojmand oilalar 20 foizi, 2023 yilda 80 foizi);
- qurilmalar egalari (jismoniy va yuridik shaxslar) tomonidan quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini sotish imkoniyati (faqat "Hududiy elektr tarmoqlari" va davlat tomonidan vakolat berilgan organga bunday energiyani sotib olishga ruxsat berilgan, bunda elektr energiyasini xarid qilish kamida o‘n yil muddat davomida amalga oshiriladi);
- asosiy faoliyati quyosh, shamol elektr stansiyalari va kichik GES ishlab chiqarish va o‘rnatish bo‘lgan yuridik shaxslar, 2025 yilgacha tashkil etilgan yangi yuridik shaxslar tadbirkorlik sub’yektlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan kundan boshlab 3 yil davomida foyda solig‘i va mol-mulk solig‘ini belgilangan stavkalar 50 foizi miqdorida to‘laydi.















