Şanhay hamkorlik taşkiloti sammiti oldidan Samarqandga oliy darajali mehmonlar taşrifi boşlandi. Dastlab Möğuliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux yetib keldi. U Özbekistonning birinçi prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi, şundan keyin Şavkat Mirziyoyev bilan uçraşdi.
Bu uçraşuvdan keyin Özbekiston yetakçisi sammit doirasida Samarqandga kelgan BMT boş kotibining siyosiy masalalar böyiça örinbosari Rozmari DiKarloni qabul qildi. Tomonlar Orol dengizi, Afğoniston va Markaziy Osiyodagi barqarorlik masalalarini muhokama qildi.


Tuşdan keyin Samarqandga Eron prezidenti Ibrohim Raisiy taşrif buyurdi. Ma’lumot uçun, Eron prezidenti Özbekistonga oxirgi marta bundan 20 yil oldin kelgandi. Tehron ŞHTning töqqizinçi a’zosiga aylanmoqda.
Raisiyning rasmiy taşrifi sabab faxriy qorovul saf tortib, ikki davlat madhiyalari yangradi. Şundan keyin Özbekiston va Eron munosabatlarida kengaytiriş böyiça muzokaralar bölib ötdi, qator hujjatlar imzolandi.


Bugun Misr va Qatar Samarqandda ŞHTning muloqot böyiça hamkori maqomini oldi. Bunday status Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Maldiv orollari va yana bir davlatga ham berilişi kutilyapti. Şu tariqa, taşkilotning muloqot hamkorlari soni ikki barobarga oşib, 12 taga yetadi.
Bugun, şuningdek, Qirğiziston prezidenti Sadir Japarov va Xitoy raisi Si Jinping ham taşrif buyurdi. Xitoy yetakçisi Samarqandga kelişdan oldin Nur-Sultonga davlat taşrifini amalga oşirdi. Taşrif davomida qator kelişuvlarga erişilgan, Xitoy tomoni Qozoğistonning suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy qöllab-quvvatlaşini aytgan.
Möğuliston, Eron va Qirğiziston rahbarlarini Özbekiston boş vaziri Abdulla Aripov kutib olgan bölsa, Xitoy raisi Si Jingpingni Samarqand aeroportiga şaxsan prezident Şavkat Mirziyoyev kutib oldi. Eslatib ötamiz, Jinping Özbekistonga davlat taşrifini amalga oşiryapti.













