14:33 / 19.09.2022
16996

Nazarboyev Qozog‘iston poytaxti nomi o‘zgarganiga qanday munosabat bildirgani ma’lum qilindi

Qozog‘iston Xalq partiyasi raisi, birinchi prezident sobiq maslahatchisi Yermuxamet Yertisboyev mamlakat sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev poytaxt nomi o‘zgartirilishiga qanday munosabatda bo‘lganini aytib berdi.

Foto: TASS

Uning ta’kidlashicha, Nazarboyev Ostona nomining qaytarilishiga «mutlaqo qarshi emas», deb xabar bermoqda Knews.

«U poytaxtimiz asoschisi sifatida Ostona nomini bergan. Bu uning tashabbusi edi va u uzoq vaqt davomida poytaxt nomini o‘zgartirishga qarshi edi. O‘ylaymanki, shunday qaror avvaldan ma’lum edi», — dedi Yertisboyev o‘zining YouTube’dagi Yertisboyev Live kanalida. 

Avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev konstitutsiyaga Ostona shahrining sobiq nomi respublika poytaxtiga qaytarilgan tuzatishlarni imzolagan edi. Keyin davlat rahbari «Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Nur-Sulton shahrini – Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Ostona shahri deb qayta nomlash to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. 

Dastlab 1830 yilda kazaklar posyolkasi sifatida tashkil etilgan shahar Akmolinsk deb atalgan. 1961 yilda u Tselinograd deb o‘zgartirildi. 1992-1998 yillarda shahar Aqmola deb atalgan. 1997 yil dekabrda Nursulton Nazarboyev tashabbusi bilan Qozog‘iston poytaxti Olmaotadan Aqmolaga ko‘chirildi, 1998 yilning may oyida esa Ostona deb o‘zgartirildi. 

Nur-Sultonga poytaxt nomi prezident To‘qayev tashabbusi bilan 2019 yil mart oyida birinchi prezident Nursulton Nazarboyev sharafiga o‘zgartirildi. 2022 yil sentabr oyi boshida «Jana Qozog‘iston» («Yangi Qozog‘iston») deputatlar guruhi Ostonaning sobiq nomini respublika poytaxtiga qaytarish tashabbusi bilan chiqdi. 

Mavzuga oid
Top