Nvidia kompaniyasi asosçisi va boş direktori Jensen Xuang 23-oktabr kuni Ostona şahriga keldi. U Qozoğiston prezidenti Qosim-Jömart bilan uçraşdi, mamlakatning sunʼiy intellekt sohasidagi infratuzilmasi va texnologik ekotizimi bilan tanişdi.

NVIDIA – AQŞning grafik protsessorlar va sunʼiy intellekt uçun hisoblaş texnologiyalarini işlab çiqaruvçi yirik texnologik kompaniyasi. Uning çiplari sunʼiy intellekt modellarini öqitiş va işlatiş, superkompyuterlar hamda maʼlumotlar markazlarini qurişda keng qöllanadi.

Energiyani eksport qilinadigan intellektga aylantiriş

Ostonadagi alem.ai xalqaro sunʼiy intellekt markazida boş vazir örinbosari – sunʼiy intellekt va raqamli rivojlaniş vaziri Jaslan Madiev bilan ötgan oçiq suhbat taşrifning asosiy tadbirlaridan biri böldi va YouTube'da jonli efirga uzatildi.

Xuang Qozoğistonning energetika resurslari, muhandislik salohiyati va sunʼiy intellektni davlat siyosati darajasiga olib çiqqanini muhim ustunlik sifatida baholadi. Uning fikriça, mamlakat faqat energiya resurslarini eksport qiliş bilan çeklanmay, ulardan foydalanib, sunʼiy intellekt sohasidagi qimmatli mahsulotlar va xizmatlarni ham taşqi bozorlarga çiqarişi mumkin.

“Kelajakda faqat energiyani eksport qiliş örniga, siz energiyani intellektga aylantirib, intellektni eksport qilişingiz mumkin”, – dedi Nvidia rahbari.

Sunʼiy intellektni rivojlantiriş uçun katta hajmlarda elektr energiyasi, maʼlumotlar va hisoblaş quvvatlari kerak. Şu nuqtayi nazardan, Jensen Xuangning fikriça, Qozoğistonning tabiiy resurslari va texnologik kadrlar tayyorlaş imkoniyatlari mamlakatga xalqaro raqobatda ustunlik berişi mumkin.

Foto: Nvidia

Nvidia rahbari Qozoğistonni Physical AI sohasida ham xalqaro markazga aylantiriş imkoniyati borligini qayd etdi. Bu yönaliş sunʼiy intellektning robotlar, avtonom transport, işlab çiqariş uskunalari va boşqa jismoniy tizimlar bilan işlaşini qamrab oladi.

Xuangning sözlariga köra, Qozoğistonda toğ-kon sanoati, qişloq xöjaligi, logistika va energetika kabi sohalarning rivojlangani bunday texnologiyalarni işlab çiqiş va sinovdan ötkaziş uçun imkoniyat yaratadi.