21 sentabr kuni Rossiya va Ukraina o‘rtasida keng miqyosli asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi: Kiyev Moskvaga siyosatchi Viktor Medvedchuk (OAV uni «Vladimir Putinning og‘aynisi» deb ataydi, Putin uning qiziga cho‘qintirgan ota hisoblanadi) va 55 nafar rossiyalik harbiyni bergan, Moskva esa Kiyevga — 215 nafar ukrain harbiy asirlarini qaytargan, ular orasida «Azov» polki qo‘mondonlari ham bor. Shuningdek Ukraina tomonida jang qilib asirga tushgan 10 nafar xorijlik ham ozod qilindi (ularning ayrimlari «DXR»da o‘lim jazosiga hukm qilingandi). Rossiyada Vladimir Putin safarbarlik e’lon qilishi ortidan ommaviy namoyishlar boshlandi va kuchishlatar tuzilmalar tomonidan bostirildi. 39 shaharda 1300 nafardan ortiq kishi qo‘lga olingan. Moskvadagi IIB bo‘limlarida aksiyada qo‘lga olinganlarga harbiy komissariatga chaqiruv qog‘ozlari topshirilgan. Ukraina vitse-premeri esa rossiyalik askarlarni o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lishga chaqirdi — ular «o‘z xohishiga qarshi» RFga qaytarilmasligi va’da qilindi.

Quyida 21 sentabr, Ukrainadagi urushning 210-kunida olingan suratlar.

Kunning asosiy suratlari. «Azovstal» mudofaachilari almashuvdan keyin Anqarada

«Azov» polki komandiri Denis Prokopenko (laqabi «Redis»), 36-alohida dengiz piyodalari brigadasi qo‘mondoni Sergey Volinskiy («Volina»), «Azov» polki komandiri o‘rinbosari Svyatoslav Palamar, Ukraina Milliy gvardiyasining operativ topshiriqlarni bajaruvchi 12-alohida brigadasi komandiri Denis Shlega va «Azov» polkining katta ofitserlaridan biri Oleg Xomenko almashuvdan keyin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan videoaloqa orqali gaplashmoqda. Besh ofitser hozirda Turkiyada (Anqara) bo‘lib turibdi va kelishuv shartlariga ko‘ra ular bu yerda urush oxiriga qadar — Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an himoyasida qolishi kerak.
Ukraina IIV matbuot xizmati / Reuters / Scanpix / LETA
Asirlikdan ozod qilingan Svyatoslav Palamar telefon orqali yaqinlari bilan gaplashmoqda
Ukraina IIV matbuot xizmati / Reuters / Scanpix / LETA

Lisichanskda «referendum»ga tashviqot 

Luhansk oblastining Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi bo‘yicha «referendum»ni reklama qiluvchi tashviqot bannerlari o‘rnatayotgan ishchi. Ukrainaning bosib olingan hududlarida shu masaladagi «referendumlar» 23-27 sentabr kunlarida o‘tishi belgilangan. Lisichansk 2022 yil iyulida rossiyalik harbiylar tomonidan egallangandi.