16:42 / 22.09.2022
20320

Ukraina urushga majburan yuborilgan rossiyaliklarga o‘z ixtiyori bilan asirga tushishni taklif qildi

Agar Rossiya fuqarosi Ukraina bilan urushga majburan yuborilgan bo‘lsa, u taslim bo‘lishi mumkin va unga xavfsizlik kafolatlanadi, deya ma’lum qildi Kiyev.

Foto: TASS

Ukraina hukumati majburan safarbar qilingan va urushga jo‘natilgan rossiyaliklarga taslim bo‘lishni taklif qildi, ularga Jyeneva konvensiyalari bo‘yicha xavfsizlik kafolatlanadi. Bu haqda 22 sentabr, payshanba kuni Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Irina Vereshchuk, bir kun avval esa Ukraina prezidenti devoni maslahatchisi Mixaylo Podolyak ma’lum qildi.

«Agar siz safarbar qilinib, Ukraina hududiga tushib qolsangiz, shunchaki taslim bo‘lishingiz mumkin. Shu tariqa, siz o‘zingiz va yaqinlaringiz uchun eng qimmatli narsani - hayotingizni saqlab qolasiz. Bu begona yurtdagi shafqatsiz o‘limdan yaxshiroqdir», - deb yozgan Vereshchuk. Uning so‘zlariga ko‘ra, taslim bo‘lganlarga «xavfsizlik va munosib qamoqda saqlash sharoitlari» kafolatlanadi.

Taslim bo‘lgan ruslarni ukrainaliklarga almashtirish mumkin, deya qo‘shimcha qildi Vereshchuk. «Ammo, agar siz Rossiyaga qaytishni istamasangiz, Jyeneva konvensiyalari va Ukraina qonunlariga ko‘ra, hech kim sizning xohishingizga qarshi sizni Rossiyaga bermaydi», dedi u.

Majburiy safarbar qilingan rossiyaliklarning taslim bo‘lish ehtimoli haqida Ukraina prezidenti devoni maslahatchisi Mixaylo Podolyak ham «Dojd» telekanali efirida gapirdi. «Biz bunga tushunish bilan munosabatda bo‘lamiz. Biz uchun yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida odamlarning asirlikda bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Biz barcha Jyeneva konvensiyalariga qat’iy rioya qilamiz», - dedi u.

Podolyakning so‘zlariga ko‘ra, majburan safarbar qilingan ruslar almashuv jarayonlarini talab qilmasdan taslim bo‘lishsa, «yaxshi bo‘lardi». «Askar shunday deyishi mumkin: men Rossiyadanman, meni harbiy xizmatga, urushga majburan yuborishgan, men jang qilishni xohlamayman, Ukraina va boshqa mamlakatlar kafolati ostida, Rossiyada siyosiy tizimni o‘zgartirish jarayoni boshlanmaguncha uzoq vaqt asirlikda bo‘lishga tayyorman», dedi Podolyak. 

Ukraina «majburiy safarbarlik buyrug‘ini bajarishni istamaydigan asirga olingan rossiyalik harbiy xizmatchilar oqimi»dan manfaatdor. «Biz Putinning atrofidagilar Rossiyani qanday vaziyatga olib kelayotganini tushunyapmiz», deya ma’lum qildi Podolyak. 

21 sentabr kuni ertalab Putin mamlakat fuqarolariga murojaat bilan chiqib, «vatan va yaxlitlikni himoya qilish» uchun qisman safarbarlik e’lon qilgan edi. Shu bilan birga, u o‘zini «DXR» va «LXR» deb e’lon qilgan hududlar, shuningdek, Xarkiv va Zaporijjya oblastlari okkupatsion hokimiyatining Rossiya tarkibiga qo‘shilish uchun referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga ishora qildi. Tegishli farmon allaqachon imzolangan, Federal majlis palatalari qaror haqida xabardor qilingan va bugun safarbarlik boshlanadi, dedi Putin.  

O‘z navbatida, mudofaa vaziri Sergey Shoygu safarbarlik doirasida 300 ming zaxiradagi askar chaqirilishini aytdi. 

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Top