Rossiyalik oligarx, Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli G‘arb sanksiyalariga uchragan Roman Abramovich ikki mamlakat o‘rtasidagi so‘nggi asirlar almashinuvi jarayonida ishtirok etgan. Bu haqda The Daily Telegraph va Mirror nashrlari xabar bermoqda. Rossiya tomoni Mariupoldagi «Azovstal» zavodi mudofaachilari, shuningdek britaniyalik yollanma jangchilar hamda «Azov» polki qo‘mondonlarini qo‘yib yuborib, evaziga rossiyalik harbiy xizmatchilar hamda Vladimir Putinning yaqin kishisi hisoblangan Viktor Medvedchukni oldi.
Britaniya nashrlari yozishicha, Abramovich Rossiyadan Saudiya Arabistoniga olib o‘tilgan yollanma jangchilar bilan birga samolyotda uchgan, ularning har biriga yaqinlari bilan gaplashib olishi uchun iPhone smartfonlari sovg‘a qilgan, steyk bilan mehmon qilgan va ular bilan futbolni muhokama qilgan. Britaniyalik yollanma jangchilarning aytishicha, ular darhol o‘zlariga hamrohlik qilayotgan kishi Abramovich ekanini taniy olishmagan.
Asirlar almashtirilgach, ularni hashamatli xususiy samolyotga chiqarishgan. Ozod qilinganlardan biri Jon Harding jurnalistlarga bortda Roman Abramovichni uchratganini aytadi. Shon uni ko‘rib dedi: «Siz Roman Abramovichga juda o‘xshar ekansiz». U esa javob qaytaradi: «Chunki bu menman».
«Biz bilan uchgan Abramovichning yordamchisi Roman bizning qaytarilishimizda muhim rol o‘ynaganini aytdi», deya Hardingning so‘zlarini keltiradi nashrlar.

Harding bilan birga Eyden Aslin va Shon Pinner ham Saudiyadan vatanga qaytib borgan, ular iyun oyida «DXR»da o‘lim jazosiga hukm qilingandi.
Abramovich urushning dastlabki davridagi muzokaralarda ham muhim rol o‘ynagandi. Xususan, u mart oyida Istanbuldagi muzokaralar tashkil etilishida yordam bergan.
Asirlar almashinuvi haqida 22 sentabrga o‘tar kechasi ma’lum bo‘ldi. Rossiya Kiyevga 215 nafar ukrain harbiysini, jumladan Mariupoldagi «Azovstal» zavodi mudofaasida ishtirok etganlar va ularga qo‘mondonlik qilgan «Azov» polki komandirlarini qaytardi, Moskva ularni «natsist jinoyatchilar» sifatida sud qilmoqchi edi. Ularning evaziga Rossiya 56 asirni qaytardi, ular orasida ukrainalik badavlat tadbirkor va siyosatchi, Vladimir Putinning yaqin kishisi hisoblangan Viktor Medvedchukni (Putin uning katta qiziga cho‘qintirgan ota hisoblanadi) oldi. Asirlar almashilgani haqida dastlab Ukraina xavfsizlik xizmati va prezident ofisi rahbari Andrey Yermak xabar qildi.
Yermak ozod qilinganlar qatorida «Azovstal» mudofaasini boshqargan Denis Prokopenko, Sergey Volinskiy, Svyatoslav Palamar, Denis Shlega va Oleg Xomenko bor. Ro‘yxatda dengizchilar, chegarachilar, politsiyachilar, hududiy mudofaa qismlari jangchilari, bojxonachilar va Ukraina tomonida jang qilgan xorijliklar borligini aytgan.
















