10:45 / 27.09.2022
7378

Hokimlarning yer ajratish bilan bog‘liq 2,5 mingdan ortiq qarori bekor qilindi

Keyingi ikki yarim yilda hokimlarning yer ajratish bilan bog‘liq 2 ming 541 ta qarori bekor qilingan. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati rahbari  Aziz Obidov ma’lumot berdi.

Foto: Kun.uz

"Mulk huquqi daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulk kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoniga ko‘ra, mulkiy huquqni vujudga keltirgan hujjatni bekor qilish orqali ushbu huquqni tugatish mumkin emasligi belgilandi. Agar ushbu hujjat noqonuniy qabul qilingan bo‘lsa, faqat sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishi mumkin bo‘ldi.

Qayd etilishicha, keyingi ikki yarim yilda hokimlarning yer ajratish bilan bog‘liq 2 541 ta qarori bekor qilingan. Bu esa, 2 526 ta yer uchastkasiga, ya’ni 101 358 gektar yerga bo‘lgan huquq sud qarorisiz bekor qilinishiga olib kelgan.

Mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan biriga Toshkent shahar hokimining 2017 yildagi qarori bilan "snos" evaziga 0,63 gektar yer ajratilgan. Tadbirkor ushbu yerda qonuniy tartibda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish markazi qurib, o‘z faoliyatini boshlagan.

2020 yilga kelib, 2017 yildagi qaror Toshkent shahar prokurorining protestiga asosan Toshkent shahar hokimi tomonidan bekor qilingan. Tadbirkor bir yil davomida sudlashib, 2021 yil noyabr oyida Oliy sud sudlov hay’ati qarori bilan shahar hokimining 2020 yildagi qarori haqiqiy emas, deb topilishiga va yerga bo‘lgan huquqi tiklanishiga erishgan.

Shu sababli, yer uchastkalariga bo‘lgan huquq vujudga kelishi uchun asos bo‘lgan hujjatlarni, jumladan, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hujjatlarini ularning o‘zi yoki yuqori turuvchi organ va mansabdor shaxslar tomonidan, prokuror protesti asosida bekor qilish yo‘li bilan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tugatish tartibi 2022 yil 1 sentabrdan bekor qilindi.

Top