Kechki drias deb ataluvchi sovuq davr soʻnggi muzlanish yakunida boshlangan. Uning sabablarini tushuntirishga qaratilgan farazlardan biriga koʻra, oʻsha paytda Yerga kometa yoki uning parchalari kelib urilgan boʻlishi mumkin. 2026-yilda eʼlon qilingan ikki tadqiqot esa hodisaga turlicha izoh bermoqda.
Lyusen Nana Yobo boshchiligidagi guruh Floridadagi Peyj-Ladson suvosti arxeologik yodgorligi choʻkindilarini oʻrgangan. Natijalar Science Advances jurnalida taqdim etilgan.
Bu joyda kechki drias boshlanishini qamrab oluvchi, yoshi yaxshi aniqlangan uzluksiz choʻkindi qatlamlari saqlangan. Olimlar ulardagi osmiy izotoplari nisbatini, shuningdek, reniy va moddalarning kelib chiqishini ajratishga yordam beradigan boshqa elementlar miqdorini tekshirgan.
Sovish boshlangan davrga mos qatlamlarda osmiyning izotop tarkibi oʻzgargani, osmiy va reniy miqdori esa oshgani aniqlangan. Biroq elementlarning oʻzaro nisbati meteorit moddasidan koʻra vulqon aerozollariga - otilish paytida atmosferaga tarqaladigan mayda zarrachalarga koʻproq mos kelgan.
Mualliflarning fikricha, topilgan kimyoviy belgilarni koinotdan kelgan modda bilan emas, vulqon otilishi mahsulotlari bilan tushuntirish asosliroq.
Texas A&M universiteti 10-avgustda natijalar haqida xabar berib, guruh boshqa hududlardagi mustaqil maʼlumotlar bilan ham taqqoslash oʻtkazganini bildirgan. Tadqiqotchilar talqiniga koʻra, qisqa vaqt ichidagi bir nechta yirik otilish Atlantika okeanidagi suv aylanishini izdan chiqarib, iqlim oʻzgarishlarini boshlab bergan boʻlishi mumkin.
«Tadqiqotimiz asosiy rolni kosmik zarba emas, vulqon faolligi oʻynaganiga doir ishonchli geokimyoviy dalillar beradi», - degan yetakchi muallif Lyusen Nana Yobo.
Kosmik zarba farazi tarafdorlari esa Grenlandiyadan olingan namunalarga tayanmoqda. Men universitetining Iqlim oʻzgarishi instituti 1-iyunda Jeyms Kennet, Pol Mayevski, Andrey Kurbatov va hammualliflar tadqiqoti haqida maʼlumot eʼlon qilgan.
Ular Kangerlussuak hududida, muz qalqoni chetidagi muz qatlamlarini oʻrgangan. Changga boy qoramtir qatlamda zarbaga xos mikrotuzilmalarga ega kvars, erib qayta qotgan shisha, mayda sharsimon zarrachalar, uglerodli zarrachalar va ayrim metallar, jumladan, platina guruhi elementlari bilan boyigan nanozarrachalar tasvirlangan.

















