Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Magnus Karlsen amerikalik grossmeyster Hans Nimanni g‘irromlikda aybladi.

«Sinquefield Cup turnirida Hans Nimannga qarshi uchinchi tur partiyasidan keyin musobaqani tark etish haqida misli ko‘rilmagan qarorga keldim. Bir hafta o‘tgach, Champions Chess Tour musobaqasida Nimannga bitta yurishdan keyin [atayin] taslim bo‘ldim.

Bilaman, xatti-harakatlarim shaxmat jamoatchiligining ko‘plab vakillarini ranjitdi. O‘zimning ham hafsalam pir bo‘ldi. Men shaxmat o‘ynashni xohlayman. Eng yaxshi turnirlarda, eng yuqori saviyada shaxmat o‘ynamoqchiman. 

Shaxmatdagi g‘irromlik – katta muammo va o‘yin uchun xavf tug‘dirmoqda. Menimcha, turnir tashkilotchilari va sevimli o‘yinimiz daxlsizligi haqida qayg‘uradigan barcha odamlar xavfsizlik choralarini kuchaytirish va shaxmat taxtasida chiterlikni aniqlash usullari haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishlari kerak.

Nimann so‘nggi pallalarda Sinquefield Cup turniriga taklif etilganida, unda ishtirok etishdan bosh tortish haqida jiddiy o‘yladim. Lekin baribir o‘ynashga qaror qildim.

Menimcha, Nimann omma oldida tan olganidan ko‘ra ko‘proq aldagan. Sinquefield Cup turniridagi o‘yinimiz paytida uning yurishlari g‘ayrioddiy edi. Menimcha, u hatto murakkab pozitsiyalarda ham diqqatini o‘yinga qaratmadi, g‘ayrat solmadi va qoralar bilan meni mag‘lub etdi. Bunga faqat sanoqli shaxmatchilar qodir. Bu o‘yin fikrimni o‘zgartirishga yordam berdi.

Biz chiterlikka qarshi nimadir qilishimiz kerak. Men o‘tmishda ko‘p marta g‘irromlik qilgan shaxmatchilar bilan o‘ynashni istamayman, chunki ular kelajakda nimalarga qodir ekanini bilmayman. 

Men aytmoqchi bo‘lgan yana bir narsa bor. Lekin, afsuski, gapira olmayman. Shu paytgacha faqat o‘z harakatlarim bilan gapirgan edim va bu harakatlarim Nimann bilan shaxmat o‘ynashni xohlamasligimni aniq ko‘rsatib turardi.

Umid qilamanki, bu voqea to‘g‘risidagi haqiqat qanday bo‘lishidan qat’i nazar qachonlardir yuzaga chiqadi», deb yozdi Karlsen ijtimoiy tarmoqda.

Norvegiyalik shaxmatchi raqibi Nimanning aynan qanday usulda chiterlik qilganiga oydinlik kiritmadi.

Eslatib o‘tamiz, «Chiterlik» (ing. «cheat» - firib qilmoq, aldamoq) – kompyuter olamiga mansub termin bo‘lib, o‘yinlarda tashabbusga ega bo‘lish uchun g‘irromlik bilan o‘zgacha dasturiy ta’minot yoki apparatdan foydalanishni anglatadi.