Amerikalik shaxmatchi haqiqatan ham g‘irromlik bilan shug‘ullangan – lekin bu ancha vaqt oldin va onlayn o‘yinlarda edi

Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Magnus Karlsen Sinquefield Cup turnirida amerikalik Hans Nimannga yutqazib qo‘ydi va shu zahoti o‘z xohishi bilan musobaqani tark etdi. Bu uning faoliyatida birinchi marta yuz berdi. Magnus o‘z qarorini tushuntirib o‘tirmadi, oqibatda Nimann qandaydir yo‘l bilan g‘irromlik qilgan bo‘lishi mumkinligi, tashkilotchilar esa buning oldini olmagani haqidagi taxminlar paydo bo‘ldi.

19 yoshli Hans «chiterlik» yo‘li bilan g‘alaba qozongan bo‘lishi mumkinligi haqida boshqa bir amerikalik grossmeyster Hikaru Nakamura aytdi. «Chiterlik» (ing. «cheat» - firib qilmoq, aldamoq) – kompyuter olamiga mansub termin bo‘lib, o‘yinlarda tashabbusga ega bo‘lish uchun g‘irromlik bilan o‘zgacha dasturiy ta’minot yoki apparatdan foydalanishni anglatadi.

Tashkilotchilar zudlik bilan halol o‘yinni ta’minlash choralarini kuchaytirdi – tashqaridan yordam bo‘lmasligi uchun videotranslatsiyani efirga kechiktirilgan holda uzatishni boshlashdi, shuningdek, shaxmatchilarni skaner bilan tekshirishdi.

Nimanning o‘yini tahlil qilish uchun yetakchi «shaxmat detektivi» Kennet Riganga berildi – u amerikalikning yurishlarida shubhali narsani topmadi.

Bir vaqtning o‘zida Hans ilgari g‘irromlik qilganini tan oldi – lekin jonli o‘yinlarda emas, balki faqat onlaynda.

«12 yoshimda Titled Tuesday (shaxmat bo‘yicha onlayn turnirda) qatnashganman. Do‘stim yurish qilishga yordam beradigan dasturli iPad bilan kelib qoldi. O‘shanda men yosh bola edim va nima qilayotganimni tushunmasdim.

To‘rt yil o‘tib, 16 yoshimda ham bema’ni xatoga yo‘l qo‘ydim. Men shunchaki reytingimni yaxshilamoqchi va yuqori saviyadagi shaxmatchilar bilan o‘ynamoqchi edim. Shu sababli Chess.com saytidagi ba’zi o‘yinlarda g‘irromlik qildim. Meni ayblashdi, tan oldim. Bu hayotimdagi eng katta xato. Men bundan uyalaman, lekin bu haqda barchaga ochiq aytyapman, chunki faktlar buzib talqin qilinishi, mish-mishlarni xohlamayman. Men hech qachon haqiqiy o‘yinda g‘irromlik qilmaganman», dedi Nimann.

Eng mashhur shaxmat portali Chess.com Nimanni ushbu g‘irromligi uchun bloklagan, ammo qoidabuzarliklar soni ko‘proq ekanini ta’kidlagan: «Biz uni bloklash haqidagi qaror bo‘yicha isbot-dalillarni keltirdik. Nimanning chiterlik miqdori va qoidabuzarlikning jiddiylik darajasi haqidagi bayonotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, biz bu borada ham ma’lumot berganmiz».