17:56 / 27.09.2022
34948

Ukraina armiyasi bosh qo‘mondoni Time muqovasida. Ushbu general jurnalga o‘zi va urush haqida nimalar degan?

U Rossiya qurolli kuchlari Bosh shtabi qo‘mondonini «odamlarning eng aqllisi» deb hisoblaydi.

Valeriy Zalujniy 1973 yilda tug‘ilgan va bolalikda komik bo‘lishni orzu qilgan. Ammo buning o‘rniga oilaviy an’anani davom ettirgan holda Odessadagi qo‘mondonlik maktabiga o‘qishga kiradi. Uning diplomi AQSh armiyasi tuzilmasiga bag‘ishlangandi. U Rossiya harbiy fan maktabini ham hurmat qilgan. Zalujniy RF qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimovning barcha kitoblarini o‘qib chiqqan va uni «odamlarning eng aqllisi» deb atagan. «Men rus harbiy doktrinasi asosida o‘sganman va hamon barcha harbiy ilmlar Rossiyada ekaniga ishonaman», — degan Zalujniy Time nashriga.

U Qrim annexia qilinganidan keyin vzvod komandirligidan Donbassdagi qo‘shin qo‘mondonligigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. 2021 yilda unga Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondonligini taklif etishadi. U esankirab qoladi: o‘shanda uning martabasi va maqomi bu lavozimga mos kelmasdi. Bundan tashqari, 2020 yilda uning rahbarligida Amerikaning Javelin raketalari sinovi muvaffaqiyatsiz o‘tgan va u prezident ofisidagilar uni «Javelinlarni eplay olmagan sho‘rtumshuq» sifatida eslab qolganiga amin edi. Ammo Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy fuqarolik sohalaridagi kabi harbiy sohada ham o‘zgarishlar bo‘lishini istaydi.

Zalujniy Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanishi vaqt masalasi deb hisoblaydigan ofitserlar safiga mansub edi. Ukraina qurolli kuchlariga rahbarlik qilar ekan, u komandirlarga yuqori turuvchi qo‘mondonlik ruxsatini kutmasdan o‘t ochishga ruxsat beradi. «Biz ularning hujumga bo‘lgan ishtiyoqini so‘ndirishimiz kerak edi. Biz o‘z tishlarimizni ko‘rsatib qo‘yishimiz kerak edi», — deya izohlaydi Zalujniy. Urush boshlanishi arafasida ukrain armiyasi maxfiy tarzda texnikalarni qayta joylashtiradi. Bosh qo‘mondon raqib Ukrainadagilar «nasha chekib, televizor ko‘rib va feysbukka post qo‘yib o‘tiribdi» deb o‘ylashini xohlagan.

24 fevral tongida Zalujniyning maqsadi ikkita edi. Birinchidan, Kiyevni ushlab qolish. Ikkinchidan, Rossiya armiyasini mamlakat ichkarisiga jalb etish va uning ta’minot liniyasidagi zaif nuqtalardan foydalanish. Urushning oltinchi kuniga kelib u o‘z strategiyasi ish berayotgani, rossiyalik komandirlar esa «o‘z askarlarini shunchaki qirg‘inbarotga yo‘llayotgani»ni tushunib yetadi. Keyin Rossiya Kiyev va Chernihiv oblastlaridan chekinadi, yarim yil o‘tib esa — Xarkiv oblasti ozod etiladi. Ammo Zalujniy avvalboshdan uzoq davom etuvchi urushga tayyorlangan. «Bizning g‘alabamiz nafas rostlash va keyingi janglarga tayyorlanish imkonini beradi», — degan u.

Time jurnali Valeriy Zalujniydan 2022 yil iyunida intervyu olgan. Nashr buni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondonining urush boshidan buyon bergan ilk intervyusi deb atagan. Uni to‘liq holatda mazkur havola orqali o‘qish mumkin.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top