Jahon | 16:22 / 06.10.2022
3742
2 daqiqa o‘qiladi

Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti Anni Ernoga berildi

Foto: Reuters

Mukofot hakamlar hay’ati fransuz yozuvchisining «shaxsiy xotiraning begonalashuvi va jamoaviy cheklovlarini» ochib bergan «jasorat va idroki»ni alohida ta’kidladi.

Fransuz yozuvchisi Anni Erno 2022 yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shvetsiya akademiyasi a’zolarining bu qarori 6 oktyabr, payshanba kuni e’lon qilindi.

Mukofot hakamlar hay’ati Arnoning «shaxsiy xotira ildizlari, begonalashuvi va jamoaviy cheklovlarini ochib beradigan jasorati va idroki»ni ajratib ko‘rsatdi. 

2021 yilda mukofot Tanzaniyada tug‘ilgan nosir Abdulrazzoq Gurnega, 2020 yilda esa amerikalik shoir Luiza Glyukka berildi. 2019 yilda mukofot birdaniga ikkita laureatga topshirildi: 2018 yil uchun polshalik yozuvchi Olga Tokarchuk, 2019 yil uchun avstriyalik Peter Xandke mukofotni oldi. Bunga 2018 yilda Shvetsiya akademiyasida #MeToo-mojarosi tufayli adabiyot mukofoti berilmagani sabab bo‘lgan. 

2017 yilda asli yaponiyalik bo‘lgan britaniyalik yozuvchi Kadzuo Ishiguro mukofot laureati bo‘ldi. 2016 yilda amerikalik musiqachi Bob Dilan, undan bir yil oldin belaruslik yozuvchi Svetlana Aleksiyevich mukofotga sazovor bo‘ldi. 1901 yildan 2021 yilgacha adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotini jami 118 kishi qo‘lga kiritgan, ulardan 16 nafari ayollardir. 

7 oktabr kuni Osloda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori nomi e’lon qilinadi. 10 oktyabr kuni Stokholmda iqtisod sohasidagi mukofotni topshirish qarori e’lon qilinadi. 2022 yilda mukofotlar miqdori 10 million shved kronasini (921 ming yevro hisobida) tashkil etadi. Oltita Nobel mukofotining barcha g‘oliblarini mukofotlash an’anaga ko‘ra 10 dekabr - Alfred Nobel vafot etgan kuni bo‘lib o‘tadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid