Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya va Ispaniya qurol ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytiradi
Rossiyaning harakatlari tufayli Yevropadagi vaziyat yomonlashuvini hisobga olib, Berlin va Madrid Yevropa ittifoqining mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga hissa qo‘shish va qurol ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash niyatida.
Ispaniyaning La Korunya shahrida Palexco ko‘rgazma va kongress saroyida 5 oktyabr, chorshanba kuni XXV Germaniya-Ispaniya sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Germaniya kansleri Olaf Shols va Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches, shuningdek, Germaniya va Ispaniya mudofaa vazirlari Kristin Lambrext hamda Margarita Robles doxil 15 nafar vazir ishtirok etdi. Bu Berlin va Madrid o‘rtasidagi to‘qqiz yil ichida birinchi hukumatlararo maslahatlashuvlar bo‘ldi.
Sammitda mudofaa sohasi va Ukrainadagi vaziyat, iqtisodiy aloqalar va energiya xavfsizligi masalalari, fan va ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator shartnomalar imzolandi. Uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar «eng yuqori darajada» ekanini ta’kidladi.
Matbuot anjumanida Shols va Sanches Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini «xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi» sifatida keskin qoraladi. Ular agressiyaga uchragan mamlakatning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashlarini hamda Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish niyatida ekanliklarini e’lon qildilar. Sanches, shuningdek, «bosqin paytida urush jinoyatlarini sodir etgan Rossiya fuqarolari xalqaro tribunalga tortilishiga» ishonch bildirdi.
Tomonlar, shuningdek, «Rossiyaning harakatlari tufayli Yevropa qit’asidagi vaziyat yomonlashuvi»ni inobatga olgan holda, «Yevropa ittifoqining mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga hissa qo‘shishga va qurol ishlab chiqarish sohasida hamkorlikni kuchaytirishga» va’da berdi. Uchrashuv arafasida ispan matbuoti diplomatik manbalarga tayanib, gap Ispaniyaning GFR tashabbusi bilan boshlangan Yevropa raketalarga qarshi qalqoni (European Skyshield) loyihasidagi ishtiroki haqida ketayotganini bildirdi. Qayd etilishicha, bu masala allaqachon quyi darajadagi Germaniya-Ispaniya uchrashuvlarida uch marta muhokama qilingan.
Ispaniya yangi loyihada ishtirok etishga qay darajada tayyorligi hozircha aniq emas. Matbuot anjumanida Sanches «Shols bilan suhbatda bu masalani tilga olmaganini, lekin uni istalgan vaqtda muhokama qilishga tayyorligini» ta’kidladi. Mudofaa vazirlarining parallel yig‘ilishida gap Germaniya-Fransiya-Ispaniya FCAS loyihasi haqida bordi: oltinchi avlod qiruvchi samolyotini birgalikda ishlab chiqish. U 2027 yilgacha mo‘ljallangan va 8,5 milliard yevro miqdoridagi kapital qo‘yilmalarni nazarda tutadi. Loyihani amalga oshirish unda ishtirok etuvchi kompaniyalar - Fransiyaning Dassault va Yevropaning Airbus kompaniyalari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli to‘xtatildi. Vaziyatni joriy yil oxirigacha hal etish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda Yevropa ittifoqi mamlakatlarida budjet intizomi va qarzdorlik masalalari muhokama qilindi. Germaniya a’zo mamlakatlarning budjet taqchilligi 3 foizdan, tashqi qarz esa yalpi ichki mahsulotning 60 foizidan oshmasligi tarafdori. Gap pandemiya sababli 2020 yildan buyon buzilishiga yo‘l qo‘yilgan me’yor haqida bormoqda. Berlin bu qoidani 2023 yildan qaytadan joriy etishni talab qilmoqda, Ispaniya va Yevropaning boshqa qator davlatlari esa uni budjet intizomini yumshatish yo‘nalishida isloh qilishni istayapti.
Biroq, uchrashuvning asosiy mavzusi Yevropa ittifoqining energiya xavfsizligini ta’minlash bo‘lib, bu muammo Rossiya gazini yetkazib berish to‘xtatilishi tahdidi bilan bog‘liq. Iste’molchilar uchun gaz narxining yuqori chegarasini belgilash imkoniyati masalasi muhokama qilindi. Jazoir gazini Ispaniya orqali Markaziy Yevropaga yetkazish imkonini beruvchi gaz quvuri qurilishi haqida gap bordi, bu - Rossiyadan yetkazib berishning qisqarishini qisman qoplashi mumkin.
Loyihaga Fransiya hozircha qarshilik ko‘rsatib, ispan gaz tizimini fransuzlar bilan bog‘lashi kerak bo‘lgan quvur tarmog‘i kelajakda juda qimmat va foydasiz bo‘lishi mumkinligini, chunki gaz bozoridagi notinchlik vaqtinchalik ekanini ta’kidlamoqda. Tomonlar «loyihani amalga oshirish niyatini tasdiqladi», ular Fransiyani unga qo‘shilishga ko‘ndirmoqchi.
Mavzuga oid
12:04 / 18.06.2026
O‘zbekiston va Germaniya birinchi xonimlari inklyuziv ta’lim masalalarini muhokama qildi
21:45 / 17.06.2026
Audi yangi avlod A6 Allroad’ni taqdim etdi
20:04 / 17.06.2026
O‘zbekiston va Germaniya prezidentlari bir qator iqtisodiy loyihalarni ishga tushirdi
10:05 / 17.06.2026